07:54 / 23.03.2021
7751

Qurilish ishlaridagi tizimli kamchilik va muammolar ma'lum qilindi

Foto: Kun.uz

Prezidentning “Qurilish jarayoni ishtirokchilarining mas'uliyati va javobgarligini oshirish, qurilish sohasida nazoratni kuchaytirish va sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, tahlillar qurilish ishlarini amalga oshirish, nazoratini tashkil etish va shaffoflikni ta'minlashda tizimli kamchilik va muammolar mavjudligini ko‘rsatgan.

Xususan:

birinchidan, shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari mukammal emas, natijada sifatsiz va noqonuniy qurilishlarga yo‘l qo‘yilmoqda;

ikkinchidan, qurilish obektida loyiha tashkilotlari tomonidan mualliflik nazoratini olib borish mexanizmi joriy etilmagani qurilish sifati hamda bino va inshootlar energiya tejamkorligi va samaradorligini oshirishda muammolar keltirib chiqarmoqda;

uchinchidan, loyihalashtirish uchun loyihaoldi hujjatlari, jumladan, texnik shartlar, loyihalash uchun texnik topshiriq to‘g‘ri ishlab chiqilmasligi, mualliflik nazorati to‘liq olib borilmasligi loyiha hujjatlarining sifati keskin pasayishiga olib kelmoqda;

to‘rtinchidan, buyurtmachi xizmati uchun haq to‘lash mexanizmi takomillashmagan, ish yuklamalari, moddiy javobgarlik, qurilish-pudrat tashkilotlari xodimlariga qo‘yiladigan talablar mavjud emas;

beshinchidan, qurilish ishlari ustidan nazorat o‘lchovini amalga oshirish hamda obektlarda nazorat tizimli ta'minlanmagani, shuningdek qurilishni tashkil etish va ishlab chiqarish loyihalarini qurilish jarayoniga joriy qilishning huquqiy mexanizmi mavjud emasligi mas'ullar javobgarligini aniq belgilashga to‘siq bo‘lmoqda;

oltinchidan, mahalliy hokimiyat va davlat boshqaruv organlari rahbarlarining qurilish jarayoniga asossiz aralashuvi natijasida obektlarni muddatidan oldin foydalanishga qabul qilish yoki qabul qilishning muhim sanalarini belgilash qurilish jarayoni texnologiyalarining buzilishiga hamda bino va inshootlarning xavfsizlik darajasi kamayishiga, asossiz xarajatlarga olib kelmoqda;

yettinchidan, nazorat qiluvchi organlar tomonidan nazorat inspeksiyasi xodimlarining tizimli tekshirish jarayonlariga mutaxassis sifatida jalb qilinishi soha mutaxassislarining o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmasligiga, davlat nazorati to‘laqonli ta'minlanmasligiga sabab bo‘lmoqda;

sakkizinchidan, ayrim qurilish obektlari o‘rnatilgan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan bo‘lsa-da, obektlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (mulk huquqi berilishi) holatlariga yo‘l qo‘yilishi obektlardan foydalanuvchilarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Top