08:03 / 25.03.2021
5364

Krossovka, pechene va daftar ichiga yashirilgan tillalar fosh bo‘ldi - bojxona xabarlari

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari haqida axborot berdi.

Toshkent xalqaro aeroportiga xorijdan uchib kelgan va «yashil» yo‘lak orqali harakatlangan fuqaro D.O‘.ning yuklari o‘rnatilgan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi.

Natijada uning shaxsiy buyumlari, ya'ni krossovka, bolalar pechenesi va daftarcha ichiga joylangan va shu tariqa bojxona nazoratidan yashirilgan, umumiy qiymati 35 mln so‘mlik 87,7 gramm og‘irlikdagi sariq metalldan yasalgan zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

Bojxonachilar shampun idishlariga yashirilgan 12 kg kilogramm geroinni fosh qilishdi

Surxondaryo viloyati bojxonachilari tomonidan idishlaridan foydalangan holda yirik miqdorda suyuq giyohvandlik vositalarini olib kirishga bo‘lgan bir nechta urinishlar fosh qilindi.

Jumladan, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi "Ayritom" chegara-bojxona postiga piyoda ravishda kirib kelgan qo‘shni davlat fuqarosi K.M.ning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, uning yuklari orasida 14 dona qora rangli plastmassa shampun idishlariga joylangan, sof og‘irligi 3,149 kilogramm bo‘lgan, suyuq shakldagi geroin giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Tezkor tadbir davomida fuqaro K.M.dan so‘ng 5 daqiqa o‘tar-o‘tmas fuqaro K.A. ham go‘yoki shampun olib kelayotgan yo‘lovchi sifatida kirib keldi va 12 dona shampun idishlarga qadoqlangan, sof og‘irligi 2,532 kilogrammdan ortiq bo‘lgan, suyuq shakldagi geroin bilan qo‘lga olindi.

Buni qarangki, ushbu qonunbuzarlar zanjir kabi tizilgan ekan, qo‘lga olingan ikki sherigi ortidan yana 5 daqiqadan so‘ng qo‘shni davlat fuqarosi M.A. hamda 10 daqiqa o‘tib, yana bir xorij fuqarosi M.S. ham chegara bojxona postida belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilganida, ularning yuklari orasida jami 27 dona shampun idishlariga joylangan, sof og‘irligi 6,674 kilogramm bo‘lgan, suyuq shakldagi geroin borligi aniqlandi.

Qonunbuzarlarning rejasi chippakka chiqdi, shampun idishlariga yashirilgan jami 12,355 kilogramm sof og‘irlikdagi geroin giyohvandlik vositasining yurtimizga kirib kelishiga bojxonachilar o‘z vaqtida chek qo‘yishdi.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual jarayonlar olib borilmoqda.

«Mercedes-benz vito»dagi nayrang ish bermadi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «S.Najimov» chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakatdan kirib kelgan fuqaro M.Z. boshqaruvidagi «Mercedes-benz vito» rusumli avtotransport vositasi o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, avtoulov yukxonasida bojxona nazoratidan yashirilgan, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati salkam 6 580 000 so‘mlik

112 dona sifati kafolatlanmagan parfyumeriya vositalari borligi aniqlandi.

Kumushni «yashil» yo‘lakdan olib o‘tishga bo‘lgan urinish fosh bo‘ldi

Toshkent xalqaro aeroportiga xorijiy aviareys bilan uchib kelgan fuqaro X.N.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e'tiborini tortdi va u o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, uning yuklari orasida bojxona nazoratidan yashirilgan va jismoniy shaxslar uchun belgilangan bojxona to‘lovlarisiz olib kirish me'yoridan ortiq bo‘lgan, umumiy qiymati 13,6 mln so‘mlik 550 gramm kumushdan yasalgan zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

1,5 mlrd so‘mlik suv isitkichlarni yashirincha olib kirishga bo‘lgan urinish ish bermadi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi «Chuqursoy» TIF bojxona posti xodimlari poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan MChJlardan birining nomiga xorijdan keltirilgan 4 ta yuk konteynerini o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirdi.

Natijada, konteynerlarda hujjatlarda ko‘rsatilgan gazli suv isitkichlardan tashqari, bojxona yuk deklaratsiyasi va yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan, umumiy qiymati 1 mlrd 569 mln so‘mlik 299 dona suv isitkichlari borligi aniqlandi.

Top