08:35 / 25.03.2021
2102

Navoiyda ichkilik tufayli 8 kunda o‘lim bilan bog‘liq 3 ta jinoyat sodir etildi  

Navoiy viloyati Karmana tumanida 32 yoshli fuqaro spirtli ichimlik iste'mol qilish oqibatida mudhish jinoyatga qo‘l urdi. Bu o‘tgan 8 kunda viloyatda xuddi shu ko‘rinishda sodir etilgan uchinchi jinoyat bo‘ldi.

Birinchi holat – 16 mart kuni Navbahor tumanining Qalqon ota mahallasida 52 yoshli Sh.G‘. ichkilik ta'sirida oshxona pichog‘i bilan «shishadoshi», 40 yoshli M.A.ning chap ko‘krak qismiga bir marotaba urgan. Oqibatda, M.A. voqea joyida vafot etgandi.

Ikkinchi holat – 18 mart kuni Zarafshon shahrida yashovchi B.M. spirtli ichimlik iste'mol qilgan holda turmush o‘rtog‘i T.N. va uning tanishlari Z.B. hamda P.A.ni pichoqlagan edi. 

Uchinchi holat esa kecha, 24 mart kuni sodir bo‘ldi. Navoiy viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, Karmana tumanida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan fuqaro R.I. mast holda bo‘lgan 32 yoshli R.M. tomonidan og‘ir tan jarohati yetkazilganligi sababli vafot etgan. 


 
Tumandagi Alisher Navoiy mahallasida ushbu jinoyat viloyat prokuraturasi, viloyat IIB, tuman sektor rahbarlari hamda keng jamoatchilik ishtirokida tanqidiy muhokama qilingan. 

Mazkur mahalla raisi hamda inspektorining ma'lum qilishicha, jinoyat sodir etilgan xonadon egasi muntazam ravishda chiqindi va makulatura oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan. Uning uyida makulatura topshiradiganlar qo‘nim topib, mast holda yurganligi sababli bir necha bor profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan. Xonadon egasi esa kasalligini bahona qilib, pul topishning boshqa iloji yo‘qligini aytib kelgan.

Holat yuzasidan Karmana tumani IIB TB tomonidan R.M.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top