10:56 / 25.03.2021
2246

Samarqand viloyatidan bo‘lgan uch nafar yigit Nukusda talonchilik qildi

Samarqand viloyati Urgut tumanidan Nukus shahriga ishlagani borgan uch nafar yigit talonchilik yo‘li bilan xonadonlardan biriga kirib, u yerdan 25 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni olib ketgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Xabarda ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 8 mart kuni tungi soat 3:30larda noma'lum shaxslar Nukus shahar 22-kichik tumanida yashovchi 40 yoshli Manar K.ning yashash xonadonida voyaga yetmagan 11 yoshli Qunduz K. va 7 yoshli Alibek K. yolg‘iz ekanidan foydalanib, ularga «onangiz pitssa berib yubordi», — deb xonadon eshigini ochtirib ichkariga kirishgan. So‘ng bolalarning qarshiligiga qaramasdan, ushbu xonadonga kirib, jami 25 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni Samarqand viloyati Urgut tumanidan Nukus shahriga ishlash maqsadida kelgan fuqarolar 25 yoshli Shohijahon Sh., 22 yoshli Oybek B. va 24 yoshli Shohrux A. sodir etgani aniqlangan.     

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Nukus shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Shohijahon Sh., Oybek B. va Shohrux A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi «b» bandi (Talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov olib borilmoqda.

Ma'lumot uchun, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilangan.

P.S. Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 23 mart kuni Urgut tumanida mazkur jinoyat ishi yuzasidan aholi vakillari bilan muhokama o‘tkazilgan. Xabarda ma'lum qilinishicha, mazkur talonchilikda jami 5 nafar shaxs qatnashgan. Uch nafar urgutlik yigitning yonida ikki nafar qiz ham bo‘lgan va talonchilikni ular birgalikda sodir etishgan. Ammo Tergov departamentining xabarida negadir ikki nafar qiz haqida hech gap yo‘q.

Top