10:40 / 25.03.2021
6361

Tahlilchilar O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga aviachiptalar narxlari o‘sish sur'atlarini hisoblab chiqdi

2020 yilda o‘zbekistonliklar orasida ko‘pincha Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Belarus va Janubiy Koreya davlatlariga aviachipta xarid qilish uchun talab yuqori bo‘lgan. Shu bilan bir qatorda, ushbu yo‘nalishlardagi aviachiptalar narxi sezilarli darajada oshgan.

Aviasales ma'lumotiga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistondan Rossiyaga parvoz narxi 391 dollarni tashkil etadi, bu 2020 yilga nisbatan 55 foizga qimmatroqdir. Turkiyaga chiptaning narxi o‘rtacha 359 dollarni tashkil etadi, bu o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga ko‘pdir.

Ta'kidlanishicha, o‘zbekistonliklarning sayohatga bo‘lgan qiziqishi hali ham yuqori darajada. Band qilingan aviachiptalar soni kovidgacha bo‘lgan darajaga nisbatan 30 foizga, qidiruvlar soni esa 71 foizga tiklangan.

2020 yilda o‘zbekistonliklar orasida ko‘pincha Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Belarus va Janubiy Koreya davlatlariga chipta xarid qilish uchun talab yuqori bo‘lgan. 2019 yilda aviachiptaga talab yuqori bo‘lgan davlatlar uchligini Janubiy Koreya yakunlagan, Xitoy beshinchi pog‘onani egallagan. Ommabop yo‘nalishlar ro‘yxatining o‘zgarishi va talabning keskin pasayishi natijasida aviachiptalar narxi sezilarli darajada oshgan. Natijada Rossiyaga parvozlarning o‘rtacha narxi 18,2 foizga, Turkiyaga 20,6 foizga va Qozog‘istonga 45,6 foizga o‘sgan.

2020 yilda ichki sayohat bilan bog‘liq vaziyat ham yuqoridagi holatga o‘xshash. Band qilingan aviachiptalar miqdori 66 foizga, qidiruvlar soni esa 35 foizga qisqargan.

Shuningdek, ichki reyslarning o‘rtacha narxida ham o‘sish kuzatilgan. 2019 yilda aviachipta o‘rtacha 41,4 dollardan sotilgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 50 dollarni tashkil qilgan.

2021 yilda turizm bozori asta-sekin tiklana boshlanishi ortidan Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Belarus va Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlarga aviachipta sotib olishga bo‘lgan yuqori talab natijasida narxlarda oshish kuzatilgan.

Top