08:47 / 26.03.2021
4425

Bayden 2024 yilgi saylovlarda ishtirok etmoqchiligini ma'lum qildi 

Foto: EPA-EFE

AQSh prezidenti Jo Bayden qayta saylanish uchun 2024 yilgi prezident saylovlarida kurashmoqchiligini ma'lum qildi. U bu haqda prezident sifatida o‘tkazayotgan birinchi to‘liq formatli matbuot anjumanida aytib o‘tdi.  

“Mening javobim – ha. Men qayta saylanishni rejalashtirmoqdaman va men buni kutmoqdaman”, deb aytgan Bayden.

Undan keyingi saylovlarda vitse-prezident Kamala Xarris bilan yana birgalikda ishtirok etishi haqida so‘ralgan. “Men shunday bo‘ladi ham, deb hisoblayman. U o‘z ishini a'lo darajada uddalamoqda, u yaxshi sherik”, deb javob qilgan AQSh prezidenti.

Baydenning ta'kidlashicha, mamlakat ichidagi parchalanishning davom etishi uchun javobgarlik birinchi navbatda respublikachilar bo‘yniga tushadi.

“O‘ylaymanki, respublikachi hamkasblarim biz birga ishlaymizmi yoki yo‘q, hal qilishlari kerak. Yoki ular mamlakatni parchalash yo‘lidan borishga qaror qilishlari mumkin. Biroq men bunday yo‘l tutmayman”, deb aytgan AQSh rahbari. “Biladiganim shuki, meni mamlakatni parchalash uchun emas, muammolarni hal qilishim uchun saylashgan”, deb qo‘shimcha qilgan Bayden. 

AQSh prezidenti mamlakatning ichki muammolari, jumladan migratsiya islohoti va o‘qotar qurol aylanmasi ortidan nazoratni kuchaytirish bilan navbati bilan shug‘ullanishini aytgan. Biroq, uning ta'kidlashicha, bugungi kundagi ustuvor vazifasi pandemiyaga qarshi kurash hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top