14:15 / 26.03.2021
2440

Qoraqalpog‘istonlik rejissyorning Orol haqidagi filmi xalqaro kinofestivalda g‘olib bo‘ldi

Ispaniyaning Barselona shahrida joriy yil 22 mart kuni bo‘lib o‘tgan «We Art Water» 5-xalqaro kinofestivalida qoraqalpog‘istonlik rejissyor Qudrat Atajanovning «Kafolatsiz hayot» (Life without guarantee) nomli videoroligi 1-o‘ringa loyiq topildi. Bu haqda «O‘zbekkino» Milliy agentligi xabar berdi.

Mazkur festival onlayn tarzda o‘tkazilgan bo‘lib, tanlovga qo‘yilgan qisqa metrajli filmlarning mazmuni suv mavzusiga bag‘ishlangan. Filmlar 3 ta – mikroanimatsiya, mikroo‘yinli va mikrohujjatli yo‘nalish bo‘yicha saralandi.

Qudrat Atajanov «Kafolatsiz hayot» videoroligi bilan mikrohujjatli filmlar yo‘nalishida ishtirok etdi.

Tanlovga jami 131 davlatdan 1364 film qatnashgan.

«We Art Water» – suv mavzusiga bag‘ishlangan qisqa metrajli filmlar festivali bo‘lib, ushbu tadbir We Are Water Foundation jamg‘armasi tomonidan tashkil qilingan. Festivalda suv muammosidan yaxshi xabardor bo‘lib, uni o‘z asarlarida namoyish qilgan ijodkorlarni taqdirlash maqsad qilingan.

Asosiy maqsad esa, suv muammosini hal qiladigan audiovizual materiallar yaratish orqali butun dunyo bo‘ylab suv muammosi to‘g‘risida xabardorlikni oshirishdir.

«Kafolatsiz hayot» videoroligi joriy yil fevral oyida Rossiyada o‘tkazilgan «Minuta dlya budushchego» nomli xalqaro videoroliklar tanlovida, shuningdek, Kanadaning Suv xavfsizligi bo‘yicha global instituti tomonidan tashkil qilingan «Suv haqida gaplashaylik» kinofestivallarida ham Gran-pri g‘olibi bo‘lgan edi.

Filmda Orolni sog‘ingan dengizchi to‘g‘risida so‘z yuritiladi

Top