22:35 / 26.03.2021
36419

Tojikistonda bolalar poliomiyeliti avj olgani sabab favqulodda holat e'lon qilindi. O‘zbekistonda bu kasallikni nazorat qilish kuchaytirildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Tojikistonda o‘tkir yuqumli poliomiyelit kasalligi (bolalardagi miya yarim falaji) tarqalayotgani haqida bayonot berdi. 18 mart holatiga ko‘ra, u yerda asab tizimini falaj qiladigan xastalikni yuzaga keltiruvchi polivirus (sPVVP2) bilan 4 nafar bola zararlangani aniqlangan. Shuningdek, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan bir qator kishilarda ham polivirusga chalinish holatlari aniqlangan.

JSST Tojikistonda aniqlangan holatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ko‘rib chiqdi va mazkur epidemiyani ikkinchi darajali favqulodda holat deb tasnifladi.

Ayni paytda Tojikistonda ushbu yuqumli kasallik yuzasidan to‘liq tekshiruv olib borilmoqda, jumladan, kasalxonaga yotqizish, kontaktlarni aniqlash va submilliy darajadagi emlashni qamrab oluvchi ma'lumotlar ko‘rib chiqilmoqda. Kasallikni yuqtirish bo‘yicha hozirgi yoki avvalgi holatlarni aniqlashtirish uchun mamlakatda kuzatuv choralari kuchaytirilgan, xususan, atrof-muhitdagi poliovirusni kuzatish tizimi yaratilgan.

O‘zbekistonda poliomiyelitni nazorat qilish kuchaytirildi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati O‘zbekistonda poliomiyelit va o‘tkir shol falajining (O‘ShF) faol epidemiologik nazoratini kuchaytirish maqsadida chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ma'lum qildi.

«O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan respublikada poliomiyelit kasalligining oldini olish va tarqalishiga qarshi profilaktik va epidemiyaga qarshi choralar JSST tavsiyalariga muvofiq amalga oshirib kelinmoqda.

Respublikamizda poliomiyelit kasalligi uchramaydi, lekin chet davlatlardan kirib kelgan shaxslar mahalliy aholiga yuqtirishi mumkin. Bugungi kunda Tojikiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasida poliomiyelit kasalligi aniqlanmoqda. Ushbu davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, fuqarolarning kirib-chiqishi uchun sharoitlar yaratilgan.

O‘tkir paralitik falajni nazorat qilish bo‘yicha epidemiologik vaziyatni o‘rganish uchun Surxondaryo viloyatiga mutaxassislar safari uyushtirildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasining sanitariya nazorati punktlarida (SNP) va davolash-profilaktika muassasalarida o‘tkir shol falajining faol epidemiologik kuzatuvini kuchaytirishni tashkil etish va 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlashga tayyorlash bo‘yicha amaliy va maslahat yordami ko‘rsatildi.

Surxondaryo viloyati hududida yovvoyi poliovirusning 2-turining oldini olish va tarqalishi oldini olish maqsadida 10-20 mart kunlari 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida ommaviy emlash o‘tkazildi. Respublikamiz hududiga chetdan yovvoyi poliovirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari  rahbarlari xabardor qilinib, poliomiyelit va o‘tkir shol falajining faol epidemiologik kuzatuvini kuchaytirish maqsadida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda», deyilgan ma'lumotda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘lim mudiri Dilorom Tursunova Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bilan suhbatda poliomiyelit qanday kasallik ekani, bu kasallik bilan og‘rimaslik uchun nima qilish kerakligi haqida ma'lumot berdi. 
 
Poliomiyelit qanday kasallik? 

Poliomiyelit — boshqariluvchi o‘tkir yuqumli xastalik bo‘lib, asosan orqa miyaning kulrang moddasini falaj qiladi. Oqibatda esa, bemor umrini oxirigacha majruh bo‘lib qolishi, hattoki, o‘lim holati ham kuzatilishi mumkin. Kasallik oqar suv, oziq-ovqat mahsulotlari, ifloslangan qo‘llar orqali yuqadi. 

Shuningdek, bemor bilan yoki kasallik qo‘zg‘atuvchisini tashib yuruvchilar bilan muloqotda bo‘lganda ham yuqadi. Virus havo-tomchi yo‘llari orqali (aksirganda, yo‘talganda), shuningdek, ifloslangan sabzavot, meva, qaynatilmagan suv va sutni iste'mol qilganda paydo bo‘lishi mumkin.

Poliomiyelit kasalligiga sabab bo‘luvchi polivirus ichak infeksiyalaridan biri hisoblanadi. Undan ko‘proq bolalar zararlanadi. Ammo kattalarga ham ushbu infeksiya yuqishi o‘z isbotini topgan.

Xastalikning yashirin davri va ilk belgilari

Poliomiyelit kasalligining yashirin davri virus yuqtirilgan kundan to 21 kungacha cho‘zilishi mumkin. Bemorning harorati 38-39 darajagacha ko‘tariladi, mushaklarda og‘riq paydo bo‘lishi va ich ketishi kuzatiladi. 

Bu belgilar 4-5 kundan keyin o‘tib ketib, bir haftadan so‘ng harorat yana ko‘tariladi va turli mushaklar, ayniqsa, oyoq va qo‘llar falaji avj olishi mumkin. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, bu kasallik bemorda og‘ir asoratlar qoldiradi va uning o‘limiga ham sabab bo‘lishi mumkin. 

Poliomiyelit kasalligi bilan og‘rimaslik uchun nima qilish kerak?

Avvalo, buning uchun sog‘lom turmush tarziga amal qilish talab etiladi. Shuningdek, vaqtida kasallikka qarshi emlanish ham uning oldini olishning eng samarali usuli hisoblanadi.

Bundan tashqari, suvni qaynatib ichish tavsiya etiladi. Qo‘llar va oziq-ovqat mahsulotlarining tozaligiga ham alohida e'tibor qaratish zarur.

Top