01:57 / 26.03.2021
11236

Zoyir Mirzayev Kun.uz'ga minnatdorchilik bildirdi. Ko‘tarilgan muammo hokim tashabbusi bilan hal bo‘ldi

Kun.uz e'lon qilgan maqoladan so‘ng, Qarshidagi «Vatanparvarlar» bog‘i ishchilarining oylab kechikkan maoshlari to‘lab berildi. Bundan tashqari, ularning oyliklari oshiriladigan bo‘ldi.

Kun.uz 20 mart kuni fuqarolar murojaati asosida tayyorlangan «Qarshida «Vatanparvarlar» bog‘i ishchilari oylab maosh ololmayapti. Bu birinchi martasi emas» sarlavhali maqola e'lon qilgandi.

Maqolada mazkur bog‘ ishchilari qariyb uch oydan beri maosh ololmayotgani, bundan bir yil oldin ham shunday muammo ro‘y bergani aytilgandi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov ko‘tarilgan muammo yechim topganini xabar qildi.

«Vatanparvarlar» bog‘i ishchilarining murojaati bo‘yicha viloyat hokimi topshirig‘i bilan shu joyning o‘zida tegishli tashkilotlar ishtirokida muammoga sabab bo‘lgan omillar o‘rganildi. Xodimlarning ish haqi tushirib berildi.

Shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan, viloyatimizga tashrif buyuradigan mehmonlar doimiy qadami uzilmaydigan va shahar aholisining ertalabki hamda kechki sayrgohiga aylangan manzil obodligi uchun mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar fidoyiligi katta hurmatga sazovor.

Shu munosabat bilan, endilikda bog‘ xodimlari 1 apreldan Qarshi shahar obodonlashtirish bo‘limiga doimiy ishga qabul qilinadi. Shuningdek, ularning ish haqlari ham oshiriladi. Ya'ni, to‘liq budjet tashkiloti xodimlari hisoblanadi.

Shuningdek, bundan tashqari xodimlarning ishchanlik holati, mehnatiga qarab ish haqining yana to‘rtdan bir qismi miqdoriga ustama ham tayinlanishi mumkin.

Shu o‘rinda, fuqarolarimiz dardi ochiq va xolis olib o‘rganilib, yoritilgani uchun viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tahririyatga minnatdorchilik bildirdi», – deyiladi hokimlik axborot xizmati xabarida.

Kun.uz «Vatanparvarlar» bog‘i xodimlari bilan ham bog‘landi. Ishchilar barcha maoshlarini olganini ma'lum qilishdi.

Mavzuga oid
Top