15:51 / 28.03.2021
26117

Samarqandda kuchli yomg‘ir tufayli ko‘chalarni yana suv bosdi

27-28 mart kunlari ro‘y bergan yog‘ingarchiliklar nafaqat Samarqand shahrida, balki viloyatdagi yana bir qator aholi punktlarida ko‘chalarni suv bosishiga sabab bo‘ldi. Oqibatda nafaqat piyodalar, balki avtomashinalarning ham harakatlanishi qiyin bo‘lib qoldi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining xabar berishicha, Oqdaryo tumani markazidagi Navro‘z va Abdulla Qodiriy nomli ko‘chalarda, «Oqdaryo dehqon bozori» atrofidagi ko‘chalarda, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Mirzo Ulug‘bek nomli mahallasining Alisher Navoiy nomli ko‘chasida, Kattaqo‘rg‘on shahridagi Bobur nomli ko‘chalarda oqova suvlar to‘planib qolgan. Xabarda ma’lum qilinishicha, FVV viloyat boshqarmasi yong‘in-qutqaruv guruhlari to‘planib qolgan suvni chiqarib tashlash ishlarida qatnashgan.

Bundan tashqari, Chelak shaharchasidagi asosiy ko‘chalarni ham suv bosgan va viloyat FVB xodimlari u yerda ham to‘plangan suvni chiqarib tashlash ishlarida qatnashgan.

Samarqand viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, so‘nggi kunlarda yomg‘ir suvlarining toshib, aholi xonadonlari, hovlilar va ichki ko‘chalarga to‘planib qolayotganiga ayrim fuqarolar tomonidan ichki ariqlarning ko‘mib yuborilayotgani, oqibatda suv o‘tkazish imkoniyatining pasayib ketayotganini sabab qilib ko‘rsatgan.

Shuningdek, Samarqand shahridagi xalq tilida «Makaronka» deb nomlanuvchi Chuquryo‘l ko‘chasida ham sel oqqan. Har yomg‘ir yoqqanida bu ko‘cha bo‘ylab sel oqadi. Samarqand shahar hokimligi o‘tgan yil avgust oyida 7 milliard so‘m evaziga Chuquryo‘l ko‘chasida ta’mirlash ishlari boshlanganini e’lon qilgan edi. Afsuski, oradan 8 oy o‘tgan bo‘lsa hamki, mazkur ko‘chadagi muammolar hal bo‘lmadi. Hanuzgacha osmondan to‘rtta yomg‘ir tushsa ham, shu ko‘chadan sel oqyapti. O‘tgan 8 oyda bu ko‘chada sel oqishi bilan bog‘liq muammolar qanchalik bartaraf etildi, bir Xudoga-yu, bir shahar hokimligidagi mas’ul mutasaddilarga ayon. Shahar aholisi esa 8 oy davomida bu yerda qanday ishlar amalga oshirildi, hech qanday ma’lumotga ega emas va har yomg‘ir yoqqanda bu ko‘chada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar va ularning ishchilari, shuningdek, bu yerdan o‘tib qaytadiganlar yuragini hovuchlab o‘tiradi.

P.S. Samarqand viloyatining aksar tumanlarida bugun ham vaqti-vaqti bilan kuchli yomg‘ir yog‘ib turibdi.

Top