22:35 / 29.03.2021
15407

O‘zbekistonga sement importi keskin oshdi

2021 yilning yanvar-fevral oylarida xorijdan O‘zbekistonga 528,5 ming tonna sement import qilingan. Bu – o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 354,9 ming tonnaga ko‘p.

Foto: qizilqumsement.uz

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning ikki oyida import qilingan sement hajmi 2020 yilda import qilingan sementning 1/5 qismiga teng.

O‘zbekiston sement import qilgan asosiy davlatlar:

  • Qozog‘iston – 226,7 ming tonna;
  • Qirg‘iziston – 159,5 ming tonna;
  • Tojikiston – 134,3 ming tonna.

2021 yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda 1,3 million tonna sement ishlab chiqarilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil iyulida sement importini soddalashtirishga oid hukumat qarori qabul qilingandi.

Uy-joylar qurilishini stimullash maqsadida 2021 yilning 1 aprelidan 1 oktyabriga qadar sement mahsulotini (TIF TN kodi 2523) O‘zbekistonga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.

«Tsement ishlab chiqarish bu yil 16-17 million tonnaga yetkaziladi. Ammo qurilishlar hajmi ham ikki barobar ortadi va bizda 40 million tonnaga yaqin sement zarurati bo‘ladi», degandi bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov mart oyi boshidagi selektorda.

Ma'lumot o‘rnida, 2021 yilning dastlabki ikki oyida O‘zbekistonda jami 10,6 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan, 2020 yilning mos davriga nisbatan o‘sish 0,4 foizni tashkil etgan.

Hukumat sement va oynani monopol mahsulot turlari qatoridan chiqarishni mo‘ljallagan.

Mavzuga oid
Top