22:29 / 29.03.2021
23980

Uzbekistan Airways bagajlar soniga qarab haq olishni boshlagani qonunga zid bo‘lib chiqmoqda

28 martdan Uzbekistan Airways aviakompaniyasi kutilmagan tarzda yo‘lovchilardan bagaj uchun alohida haq (o‘rtacha 10 AQSh dollari) undira boshladi. Kompaniya buni yangicha qoidaga o‘tish deb baholamoqda. Ammo bu qonunchilikka zid hisoblanadi.

29 mart kuni Toshkent mahalliy aeroporti orqali safarga chiqqan Kun.uz muxbiri aeroportda noqulay ahvolga tushib qolgani, xususan, o‘rnatilgan yangi qoidaga ko‘ra, oldingiday yuk uchun chiptaga kiritilgan umumiy og‘irlikka ko‘ra emas, balki bittadan tashqari har bir bagajga alohida haq olinayotgani, bundan barcha yo‘lovchilar birday norozi bo‘layotgani haqida xabar berilgandi.

Ammo, tahlillar shuni ko‘rsatdiki, kompaniyaning ushbu harakatlari qonunga zid bo‘lib chiqmoqda. O‘zbekiston Respublikasi «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi Qonuni 7-moddasining to‘rtinchi qismiga binoan, yangi narx (tarif)lar tabiiy monopoliya sub'yektlari tomonidan ular kuchga kirishidan kamida o‘n besh kun avval ommaviy axborot vositalarida e'lon qilishi lozim.

Bundan tashqari, ushbu qoida Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktyabrdagi 239-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 26-bandida ham o‘z aksini topgan.

Aeroport xizmatlari sohasidagi xizmatlar (samolyotlarning uchishini ta'minlash, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, yuklar, pochta va bagajlarga ishlov berish xizmatlari) tabiiy monopoliya sharoitida ishlab chiqariladigan (realizatsiya qilinadigan) tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatiga (8-bandi) kiritilgan.

Kompaniya esa o‘z saytida Piece Concept (bagajlar soniga ko‘ra) tartibi qo‘llanishi haqida ushbu tartib joriy qilinishidan bir kun (!) oldin – 27 mart kuni e'lon qilgan.

Ko‘rinib turibdiki, ushbu holatda Uzbekistan Airways tomonidan «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi qonun talabi buzilgan. Shu bilan birga, kutilmagan qoida bilan iste'molchilarga ham qator noqulayliklar tug‘dirilgan.

Kun.uz ushbu jarayondagi yana bir holatga e'tiborini qaratdi. Ta'kidlanishicha, iste'molchilarning e'tirozlariga sabab bo‘lgan to‘lovning bahosi chet el valutasi (dollar)da belgilangan.

Ammo, «Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining chet el valutalariga va shartli birliklarga bog‘lanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ushbu vaziyatga munosabat bildirishini kutib qolamiz.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil aprel oyida «Suvsoz» DUK sovuq suv narxini ogohlantirishsiz oshirgan. Bu bo‘yicha o‘rganish olib borgan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi korxonaga ogohlantirishi bilan chiqqan. Yakunda «Suvsoz» korxonasi yangi narxlarni qonunda belgilangan muddatlardan boshlab qo‘llashga va ogohlantirish muddati ichida oshirilgan narxlarda olingan to‘lovlar iste'molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishini bildirgandi.

Abbos Salaydinov,
huquqshunos.

Top