16:43 / 30.03.2021
2740

«Bunday hakamlik bilan uzoqqa bora olmaymiz» - «Aral camali» bosh murabbiyi hakamlarni tanqid qildi

Pro liga 2-turi doirasidagi «Aral Samali» - «Xorazm» (1:1) uchrashuvidan keyin Nukus klubi bosh murabbiyi Temur Turdiyev uchrashuv hakamlari harakatidan norozi bo‘ldi.

«Ikki jamoa uchun ham qiyin o‘yin bo‘ldi. Fikrimcha, o‘yindagi natija adolatli bo‘ldi. Chunki o‘yin tengma-teng edi. «Xorazm» safida tajribali futbolchilar ko‘proq. Aksariyati Superligada o‘ynagan. Jamoam o‘yinidan qoniqdim, deya olaman.

«Aral samali» klubining bu yilgi asosiy vazifasi yaxshi jamoa shakllantirib, yuqori o‘rinlarni egallash. Xudo xohlasa, bosqichma-bosqich Superligaga yo‘l olamiz. 

Hakamlar? Bunday hakamlik bilan futbol rivojlanishi qiyin. Har bir vaziyatga o‘yinni to‘xtatayverishdi. O‘zim ham futbol o‘ynaganman, o‘yin davomida hakamlar kurashga qo‘yib berishi kerak. Ko‘rdinglar, xalqni o‘zi ham ulardan norozi bo‘ldi. Bunday hakamlik bilan uzoqqa bora olmaymiz. 

O‘yindan keyin hakamga nima dedingiz? Bu hakam o‘tgan yil ham Jizzax klubiga qarshi o‘yinimizda darvozamizga penalti belgilagandi. Adashmasam, 1:1 o‘ynab qaytgandik», - deya Nukus klubi bosh murabbiyi Temur Turdiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top