01:20 / 30.03.2021
7771

«O‘zkimyosanoat» boshqaruv raisi: «Umumiy qiymati 4 mlrd dollardan ortiq loyihalar taqdim etildi»

«O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Jo‘rabek Mirzamahmudov prezidentga soha bo‘yicha qilgan taqdimotiga oid ma'lumotlar berdi. Unda kimyo sanoatining yaqin istiqbollari haqida so‘z bordi.

«Bugungi taqdimotimiz sohamiz bo‘yicha yanvar oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish natijalari va rejalar ijrosi bo‘yicha bo‘ldi. Davlat rahbariga tabiiy resurslarni chuqur qayta ishlash, kimyosanoatni klaster usulida rivojlantirish, o‘quv-ilmiy sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha rejalarimizni taqdim etdik.

Yaqin 2 oy ichida 7 ta yangi loyihamiz ishga tushishi lozim va ularning qiymati 1,5 mlrd dollarni tashkil qiladi. Bu loyihalar kelajakda yiliga 750 mln dollarlik import o‘rnini bosish bilan birga 382 mln dollar miqdorida mahsulotni eksportga chiqarish imkonini beradi. Umuman, 4 mlrd dollarlik yangi loyihalarimiz orqali 3 430 ta yangi ish o‘rni yaratish reja qilingan.

39 ta loyihalar amalga oshishi 1,1 mlrd/kub tabiiy gazni qayta ishlash imkonini beradi. Agar biz shu miqdordagi gazni xomashyo sifatida eksport qilsak, 160 mln dollarga ega bo‘lamiz. Qayta ishlash orqali esa xuddi shu mahsulotni 2,1 mlrd dollarga sotish mumkin. Bu loyihalarning deyarli 90 foizi xususiy investitsiyalar yoki davlat-xususiy sherikchilik asosida amalga oshiriladi», deb Jo‘rabek Mirzamahmudovning so‘zlarini keltirmoqda taqdimotda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, ayni paytda umumiy qiymati 2 milliard 600 million dollardan ziyod bo‘lgan 18 ta loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Umumiy hisobda, bu yilgi va istiqboldagi barcha loyihalar natijasida 3 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladi, tarmoqning eksport salohiyati 1 milliard 300 million dollarga yetadi. Yangi korxonalarda 3 ming 500 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Yana bir muhim jihati shuki, ushbu korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng tabiiy gazni chuqur qayta ishlab olinadigan yangi mahsulotlar qiymati 2 milliard 100 million dollardan oshadi. Ya'ni, qo‘shilgan qiymat 14 barobar ko‘payadi.

Kimyoviy xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar negizida talab yuqori bo‘lgan tovarlar ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish maqsadida «Navoiyazot» va «Farg‘onaazot» aksiyadorlik jamiyatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 ta yirik texnologik klasterni barpo etish rejalashtirilgan.

Xususan, «Navoiyazot»da umumiy qiymati 2 milliard 600 million dollarlik 16 ta loyiha, «Farg‘onaazot»da jami 334 million dollarlik 4 ta loyiha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida salkam 687 million dollarlik 3 ta loyiha amalga oshiriladi.

Mavzuga oid
Top