18:42 / 30.03.2021
2079

Sirdaryoda qarzni «yopib yuborish» evaziga fuqarodan 2,5 million so‘m olgan gaz idorasi xodimlari ushlandi

Sirdaryo viloyatida tabiiy gazdan bo‘lgan qarzdorlikni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan gaz idorasi xodimlari iste'molchilardan biridan 2,5 million so‘m olayotgan vaqtda ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Sirdaryo viloyati boshqarmalari tomonidan Mirzaobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «Mirzaobodtumangaz» gaz ta'minoti bo‘limi xodimlari jinoiy ish ustida ushlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, inspektorlar Sh.A. va B.A. fuqaro U.ning yashash xonadonida gaz hisoblagichdan noto‘g‘ri foydalanilganligi natijasida hisoblangan 7,4 million so‘m qarzdorlikni yo‘q qilib berish va tuzilgan dalolatnomani elektron dasturga kiritmaslik evaziga 2,5 million so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Sh.A. va B.A.ga nisbatan jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top