21:13 / 30.03.2021
39049

«Xorijiy tashkilotlar talab qo‘yishdan oldin millat mentalitetini inobatga olishi kerak» - Komil Allamjonov LGBT masalasida

Mass-media fondi raisi asosan musulmonlar yashovchi O‘zbekiston kabi mamlakatlarda jamiyat besoqolbozlikni baribir qabul qilmasligi, bu mavzudagi ommaviy muhokamalar esa ruhiyati to‘la shakllanmagan o‘smirlarga salbiy ta'sir qilishini ta'kidladi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov so‘nggi vaqtlarda muhokamalar mavzusiga aylangan O‘zbekistonda LGBT huquqlari masalasida rasmiy munosabat bildirdi.

Allamjonov o‘z bayonoti avvalida ta'kidlashicha, xorijiy tashkilotlar O‘zbekiston yoki boshqa har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishi kerak.

«Albatta, inson huquqlari muhim masala va har bir fuqaro yurish-turishidan qat'i nazar, davlat himoyasida bo‘ladi. Lekin asosiy qismini musulmonlar tashkil etgan bizning yurtda g‘ayritabiiy erkak va ayollarni jamiyat qabul qilmaydi! Muqaddas Islom dinimiz, madaniyatimiz bunga yo‘l qo‘ymaydi», – deydi u.

Komil Allamjonov LGBT faoli Miraziz Bozorov Toshkentda og‘ir kaltaklanganini eslab o‘tgan.

«Mana, Bozorov misolini olaylik, o‘ylab-o‘ylamay gapirishning o‘zi qanday oqibatlarga olib keldi?!

Aslida, bizniki kabi davlatlarda besoqolbozlikka qarshi qonunlar yengillashtirilsa ham, jamiyat buni qabul qilmaydi va bu quruq qog‘ozda qolib ketaveradi. Chunki jazo bekor qilinib, bunday toifalar bemalol ko‘cha-ko‘yda o‘zini ko‘rsata boshlasa, «samosud»lar ko‘payib ketishi mumkin. Rasmiy jazo belgilanmagan taqdirda ham, musulmonlardan iborat jamiyat ularni baribir qo‘ymaydi. O‘z-o‘zidan kichik betartibliklar katta muammolarni keltirib chiqaradi.

Shuning o‘zi hamma savolga javob bo‘lishi kerak!» – deya ta'kidlagan Komil Allamjonov.

Mass-media fondi raisi barcha OAV va blogerlarni LGBT mavzusini tinimsiz yoritishni to‘xtatishga chaqirdi.

«Bu masalaning hadeb muhokama qilinishi odamlarning etini o‘ldiradi. O‘ta yoqimsiz mavzuni oddiy holdek qabul qila boshlaymiz, bu ketishda. Aslida, bunaqa gaplar odam eshitganda seskanadigan darajada kam quloqqa chalinishi kerak.

Ommaviy muhokama kimlarningdir (ayniqsa, ruhiyati to‘liq shakllanmagan o‘smir-yoshlarning) beixtiyor qiziqishini oshiradi. Natijada, ushbu yaramas holat jamiyat ongiga kishi bilmas singdiriladi. Aqlni ishlataylik, provokatsiyalarga berilmaylik», – deydi Allamjonov.

Fond rahbari har qanday noqonuniy namoyishlar va bezorilikni keskin qoralashini bildirib, Amir Temur xiyobonidagi ommaviy tartibsizlikka sabab bo‘lgan blogerlar faoliyatiga AOKA qonuniy baho berishi va qonunni buzgan barchaga jazo qo‘llanilishi zarurligini qayd etgan.

«Demokratiya so‘zining tub ma'nosi – xalq hokimiyati, degani. Modomiki, xalqning asosiy qismi nimagadir qarshi ekan, demak, uning xohish-tanlovini inobatga olish shart, ana shu – demokratiya!

Kuni-kecha bo‘lib o‘tgan voqealarning sababchilari — blogerlar faoliyatiga AOKA  qonuniy baho berishi va qonunni buzgan barchaga jazo qo‘llanilishi zarur. 
Men har qanday noqonuniy namoyishlar hamda bezorilikni keskin qoralayman», – deya postni yakunlagan u.

Top