20:24 / 01.04.2021
4027

Endilikda onlayn kassalardan foydalanuvchi soliq to‘lovchilar ayrim hisobotlar uchun hisob-faktura shakllantirishi shart bo‘lmaydi

Onlayn-NKM (nazorat kassa mashinalari)dan foydalanuvchi soliq to‘lovchilar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq hisobotlarining ayrim ko‘rsatkichlarini avtomatik shakllantirish tartibi joriy etildi.

Qaysi hisobotlar uchun elektron hisob-faktura shakllantirish talab etilmaydi?

Endilikda soliq hisobotlarida (QQS va aylanmadan olinadigan soliq) mart oyida realizatsiya qilingan tovarlar summasi onlayn-NKM va virtual kassa ma'lumotlari bo‘yicha yig‘iladi.

Shu sababli joriy yilning mart oyidan onlayn-NKM va virtual kassadan foydalanayotgan soliq to‘lovchilar naqd pul va (yoki) bank plastik kartalari orqali amalga oshirilgan hisob-kitoblar uchun bir tomonlama EHF shakllantirishi talab etilmaydi.

Hisobotlar avtomatik shakllantiriladi

Onlayn-NKM orqali naqd pulda va (yoki) bank plastik (korporativ) kartalari bilan amalga oshirilgan hisob-kitoblar qo‘shilgan qiymat solig‘i (hisob-kitobining 5-ilovasi 6-7-ustunlari) va aylanmadan olinadigan soliq (hisob-kitobining 1-ilovasi 010-satri) hisobotlari avtomatik shakllanadi.

Qaysi davrdagi hisob-kitoblar EHF orqali jamlanadi?

Joriy yilning yanvar va fevral oylari uchun naqd pulda va (yoki) bank plastik kartalari orqali amalga oshirilgan hisob-kitoblar avvalgidek bir tomonlama shakllantirilgan EHF orqali jamlanadi.

Kimlar bir tomonlama EHF shakllantirishi shart?

Oflayn (oddiy) NKMdan foydalanuvchilar naqd pul va savdo terminalida bank plastik kartalari orqali hisob-kitoblar bo‘yicha bir tomonlama EHF shakllantirishi shart.

EHF shakllantirishda yana nima muhim?

Tovar (xizmat)lar korporativ karta orqali realizatsiya qilinganda ikki tomonlama EHF ham shakllantirilgan bo‘lsa, sotish summasi ikki marta ko‘payishi mumkin. Bu holatda kamayishga bir tomonlama EHF shakllantirish maqsadga muvofiq.

Avvalroq Davlat soliq qo‘mitasi onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarga kafolatli xizmat ko‘rsatganlik uchun oylik to‘lovlarning miqdori 2021 yil boshidan oshirilgani yuzasidan tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan muntazam ravishda keskin norozilik va shikoyatlar kelib tushayotganiga munosabat bildirgan edi.  

Unda qo‘mita «Onlayn-NKM yoki virtual kassaga kafolatli uzluksiz texnik xizmat ko‘rsatish» (abonent to‘lovi)ga nimalar kirishi hamda «bir martalik xizmatlar uchun to‘lov» nima ekanini aniq belgilash lozimligini tavsiya qilgandi.

Top