12:42 / 01.04.2021
4373

O‘zbekiston va Xitoy 4 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik dasturini tasdiqlaydi

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Joriy yilning 31 mart kuni videokonferensiya shaklida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqovning Xitoy savdo vaziri Van Ventao bilan ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va ustuvor sohalarda o‘zaro kelishuvlarni amalga oshirish holati muhokamasiga bag‘ishlangan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda Xitoy innovatsion texnologiyalaridan foydalangan holda yuqori foyda keltiruvchi ishlab chiqarish obektlarini yaratishga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirishga Xitoyning yirik kompaniyalarini jalb etish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Hozirgi kunda xitoylik investorlar bilan hayotga tatbiq etilishini taqozo etuvchi 40ta istiqbolli loyiha takliflari ishlab chiqilgan.

Shuningdek, muloqot chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Xitoy hukumatlari o‘rtasida “2021-2025 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish dasturi”ni tasdiqlash to‘g‘risidagi bitim loyihasini ishlab chiqishni jadallashtirish borasidagi sa'y-harakatlarni birlashtirishga kelishib oldi.

Alohida tartibda joriy yilda O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi va tegishli quyi qo‘mitalarning 6-yig‘ilishini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Mazkur tadbirlar o‘tkazilishi ikki tomonlama sheriklik rivojiga sezilarli turtki berishi va hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlarini ajratib olish imkonini yaratishi ta'kidlandi. Shu bilan birga, yaqin kelajakda O‘zbekiston hukumat va ishbilarmon doiralari delegatsiyasining Xitoyga tashrifini tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

O‘zbek eksportchilarining Xitoy bozoriga yangi uzilgan va quritilgan meva - sabzavot mahsulotlari yetkazib berishni kengaytirish borasidagi manfaatlari qayd etildi. Muloqot chog‘ida o‘zbek mahsulotlarini ilgari surish va Xitoy buyurtmachilari bilan barqaror hamkorlik mexanizmlarini yaratish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.

Moliyalashtirilayotgan yirik investitsiya loyihalari sonini ko‘paytirishni nazarda tutgan holda, XXR Eksimbanki, Xitoy davlat taraqqiyot banki va “Ipak yo‘li” jamg‘armasi bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Top