15:33 / 01.04.2021
19545

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalar bo‘yicha so‘rov o‘tkazildi. Unda qatnashganlarning ko‘p qismi emlanishni istamasligini bildirgan

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, emlanishdan bosh tortish - har doim ham qo‘rquv yoki ishonchsizlik bilan bog‘liq emas.

«Yuksalish» umummilliy harakati emlash tadbirlari haqida internet foydalanuvchilarining kayfiyati va fikrlarini bilish maqsadida o‘tkazilgan (29–31 mart) onlayn-so‘rov natijalarini ma'lum qildi. Uch kun davomida deyarli barcha viloyatlardan 19 mingdan ziyod ishtirokchilar ovoz bergan.

Qayd etilishicha, onlayn so‘rovda respondentlarning 44 foizi (8599 ovoz) «Emlanmayman» variantini tanlagan. So‘rov ishtirokchilarining uchdan bir qismi – 34 foizi (6641) Rossiyaning «Sputnik V», 8 foizi (1516) Xitoy–O‘zbekiston hammuallifligidagi ZF-UZ-VAC2001 va 7 foizi (1351) AQSh–Germaniya ishlab chiqargan Pfizer/BioNTech vaksinalariga ovoz bergan. Respondentlarning 5 foizi (959) AstraZeneca (Buyuk Britaniya), 2 foizi (327) Moderna (AQSh) vaksinalarini tanlagan.

«Albatta, bu ma'lumotlarni to‘liq sotsiologik kesim sifatida hisoblash noo‘rin, ammo shunga qaramay, o‘zbekistonliklarning ma'lum bir qismi emlanishni rad etadi, deyish mumkin», deyiladi xabarda.

So‘rov davomida ayrim foydalanuvchilar izohlar va Telegram bot orqali bir qator o‘rinli savollarni qoldirishgan. Jumladan:

  • Nima uchun emlanganlarning sog‘lig‘i to‘g‘risida ma'lumot yo‘q?
  • Turli xildagi vaksinalarning odamlarda nojo‘ya ta'siri qanday?
  • Emlash jarayoniga qanday tayyorgarlik ko‘rish kerak?
  • Kishi koronavirus bilan kasallangan va antitanachalarga ega bo‘lsa ham emlanishi zarurmi?
  • Emlanishdan keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar va xavflar to‘g‘risida batafsil ma'lumotni qayerdan olish mumkin?
  • U yoki bu vaksinani tanlashda davlat organlari, shu jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi qaysi faktorlarni inobatga olgan? Dastlabki tadqiqotlar o‘tkazilganmi?

«Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, emlanishdan bosh tortish — har doim ham qo‘rquv yoki ishonchsizlik bilan bog‘liq emas. Asosiy sabablardan biri odamlarning COVID-19’ga qayta chalinayotganidir. Kasal bo‘lmaganlarning bir qismi boshqa vaksinani kutmoqda, boshqa qismi esa ularda yoki qarindoshlarida emlanish qanday o‘tishidan xavotirda. Ba'zilar nojo‘ya ta'sirlardan qo‘rqadi. Qo‘rquv vaksina sifatiga ishonchsizlikni ham keltirib chiqaradi.

Yana boshqa omillardan biri aholining sog‘liqni saqlash tizimidan to‘la qoniqmasligidir. Odamlar ortiqcha byurokratiyaga, katta navbatlarga duch kelishdan qo‘rqadi, vaksina asoratlari bo‘lgan taqdirda ularga malakali tibbiy yordam o‘z vaqtida ko‘rsatilishiga shubha bilan qaraydi, samarasiz tashkil etilgan emlash jarayoni ularning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkinligidan xavotirlanadi.

Muammoga yechim izlash uchun vaziyatli choralar emas, balki tizim kerak. Birinchi navbatda, fuqarolarning tibbiyotga bo‘lgan institutsional ishonchsizligini bartaraf etish lozim. Tibbiyot xodimlari va oddiy fuqarolar o‘rtasida emlash to‘g‘risida ommaviy va ochiq axborot kampaniyasini boshlash zarur», deyiladi xabarda.

«Yuksalish» holat bo‘yicha quyidagi takliflarni ilgari surgan:

  • respublika aholisining vaksinaga bo‘lgan ehtiyojlari va ularning afzalliklarini o‘rganish uchun to‘liq sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish;
  • emlashni amalga oshiradigan mutaxassislarni o‘qitish, emlanishga xayrixoh bo‘lmagan yoki ruhan tayyor bo‘lmagan auditoriya bilan ishlash bo‘yicha treninglar tashkil etish;
  • bemorlarga axborot yetkazishda norasmiy yondashish, xabarlarni tushunarli tarzda yetkazish;
  • sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa mas'ul idoralar tomonidan to‘laqonli va ishonchli ma'lumotlarni, aytaylik, «COVID-19 vaksinalari haqida haqiqat» rukni ostida o‘z manbalarida (shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda) taqdim etish;
  • vaksinalar haqidagi afsonalarni yo‘qqa chiqarish;
  • taniqli davlat va jamoat arboblarining emlanish jarayonini namoyish etish, faol fuqarolarning fikrlarini berib borish.

Bundan tashqari, «Yuksalish» umummilliy harakati quyidagilarga tayyor:

  • emlashni amalga oshirishga mas'ul bo‘lgan davlat tuzilmalari, milliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda «jamoat eshituvlari»ni tashkil etish;
  • ushbu yo‘nalishda volontyorlarni tayyorlashga ko‘maklashish (Volontyorlar assotsiatsiyasi bilan birgalikda);
  • emlash bo‘yicha turkum chiqishlar qilish, xususan, ekspertlar xulosalarini berib borish, infografikalar tayyorlash.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 2021 yil 1 apreldan boshlandi. Emlash tadbirlari aprel oyida viloyatlar markazlari va katta shaharlarda boshlanadi, may oyida tuman markazlari va kichik shaharlarda amalga oshiriladi, iyun oyida esa boshqa aholi qatlami emlanadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top