23:12 / 03.04.2021
8191

Hakerlar 500 milliondan ortiq Facebook foydalanuvchilarining shaxsiy ma'lumotlarini e'lon qilishdi

Ma'lumotlar 533 million kishining telefon raqamlari, to‘liq ismlari, manzillari, tug‘ilgan sana va biografik ma'lumotlarini o‘z ichiga olgan.

Hakerlar maxsus forumda 500 milliondan ortiq Facebook foydalanuvchilarining shaxsiy ma'lumotlarini e'lon qilishdi. Bu haqda Hudson Rock kiberxavfsizlik kompaniyasining texnik direktori Elon Gel Insider nashriga bergan intervyusida aytdi.

Ma'lumotlar 533 million kishining telefon raqamlari, to‘liq ismlari, manzillari, tug‘ilgan sana va biografik ma'lumotlarini o‘z ichiga olgan, deb yozadi Insider. Ayrim ma'lumotlarda elektron pochta manzillari ham berilgan.

Nashr o‘ziga ma'lum qaydlarni solishtirib chiqish orqali ma'lumotlarning haqiqiyligiga ishonch hosil qilgan.

Gelning so‘zlariga ko‘ra, hakerlar ushbu ma'lumotlarni birinchi marta e'lon qilishmayapti. Shu yilning yanvarida ular ma'lum bir miqdordagi pul evaziga 533 mln nafar foydalanuvchiga tegishli telefon raqamini bilishga imkon beruvchi Telegram-botni ishga tushirishgan.

Elon Gelning bildirishicha, 107 mamlakatda yashovchi foydalanuvchilarning ma'lumotlari joylashtirilgan. Eng ko‘p Tunis, Italiya va Fransiyada yashovchi foydalanuvchilarga oid ma'lumotlar berilgan.

Top