18:00 / 04.04.2021
11942

Yozuvchi G‘affor Hotam vafot etdi

Taniqli yozuvchi, publitsist, turli yillarda «Yoshlik» jurnali, «Turkiston» gazetasiga bosh muharrir, «O‘zbekiston ovozi» gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lgan G‘affor Hotamov vafot etdi.

3 aprel kuni taniqli yozuvchi G‘affor Hotamov vafot etdi. 4 aprel kuni Toshkent shahrida marhumning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. 

G‘affor Hotamov 1953 yilning 25 aprelida Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi G‘ujbog‘ qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. 1974 yilda Toshkent Davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini tugatgan.

Mehnat faoliyatini respublika bolalar gazetasi tahririyatida boshlagan. «Toshkent oqshomi», «O‘zbekiston ovozi» gazetalari, «Yoshlik» jurnali tahririyatida, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida xizmat qilgan. Keyinchalik «Yoshlik» jurnali hamda «Turkiston» gazetasining bosh muharriri lavozimida ishlaydi.

G‘affor Hotamovning dastlabki hikoyasi «Tong va shom» 1976 yili «Guliston» jurnalida, «Xat tashuvchi bola» nomli ilk hikoyalar to‘plami esa 1978 yilda nashr etilgan. 1980 yil «Qaytish», 1985 yil «Quduq tepasidagi oy», 1998 yili «Azal va abad», 1990 yili esa «Tohir va Zuhraning kulmagan baxti» qissalari «Yoshlik» jurnalida e'lon qilinadi.

G‘affor Hotamov «Quduq tepasidagi oy» qissasi va «Evrilish» badiasi uchun O‘zbekiston yoshlar tashkilotining mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning asarlari qator xorijiy tillarga tarjima qilingan.

Top