15:51 / 06.04.2021
16909

Forbes dunyoning eng boy milliarderlari ro‘yxatini e'lon qildi

Forbes reytingidan hammasi bo‘lib 2755 nafar milliarder joy oldi. Ularning jami boyligi 13,08 trln dollarni tashkil etadi.

Forbes jurnali dunyoning eng boy milliarderlari reytingini e'lon qildi. Reytingda Amazon asoschisi Jyeff Bezos qatorasiga to‘rtinchi marta yetakchi bo‘ldi. Uning boyligi 177 mlrd dollar deb baholandi. Bu o‘tgan yilgi reytingdagiga nisbatan 64 mlrd dollarga ko‘proq.

Bezos o‘tgan yili boyligi 12 xonali son bilan ifodalangan yagona inson bo‘lgandi, bu yil bunday insonlar to‘rt nafarga yetdi. Ulardan biri o‘tgan yilgi 31-o‘rindan 2-o‘ringa ko‘tarilgan Tesla asoschisi Ilon Maskdir. O‘tgan yili Tesla aksiyalari narxi 700 foizdan ortiqroqqa o‘sdi. Tesla aksiyalari ortidan Maskning boyligi ham ko‘paydi: uning boyligi bir yil ichida 126 mlrd dollarga ko‘payib, 151 mlrd dollarga yetdi.

LVMH modalar uyi egasi Bernar Arno uchinchi o‘rinni saqlab qoldi: Forbes uning boyligini 150 mlrd dollar deb baholamoqda — bu o‘tgan yilgiga nisbatan qariyb ikki baravarga ko‘p.

Microsoft hammuassisi Bill Geyts boyligi 98 mlrd dollardan 124 mlrd dollarga yetishiga qaramasdan, reytingda ikkinchi o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa tushdi.

Eng boy milliarderlar reytingida Facebook asoschisi Mark Tsukerberg 97 mlrd dollar boylik bilan beshinchi o‘ringa joylashdi. U o‘tgan yili 7-o‘rinda bo‘lib, boyligi 54,7 mlrd dollar deb baholangandi.

Shuningdek, investor Uorren Baffet (96 mlrd dollar), Oracle asoschisi Larri Ellison (93 mlrd dollar), Google asoschilari Larri Peyj (91,5 mlrd dollar) va Sergey Brin (89 mlrd dollar) hamda hindistonlik biznesmen, Reliance Industries egasi Mukesh Ambani (84,5 mlrd dollar) yuqori o‘ntalikka kirdi.

Forbes reytingidan hammasi bo‘lib 2755 nafar milliarder joy oldi. Bu 2020 yildagiga nisbatan 660 nafarga ko‘p. Ularning jami boyligi o‘tgan yil davomida 64 foizga ko‘payib, 13,08 trln dollarga yetgan.

Top