16:08 / 06.04.2021
7774

Shahrixondagi alvastiko‘prik o‘rniga yangi ko‘prik qurilib, foydalanishga topshirildi

Kun.uz maqolasidan so‘ng mahalladagi muammoga prezident Shavkat Mirziyoyev e'tibor qaratgan, selektorlardan birida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovdan shu masalada izoh so‘ragandi. Ko‘prik qurilishi bilan birga, katta yo‘lga olib chiquvchi 1,5 km yo‘lga asfalt yotqizildi.

Kun.uz Andijonning Shahrixon tumanidagi Fayziobod mahallasi ahlini qiynab kelayotgan yaroqsiz ko‘prik, hududdagi ichimlik suvi va elektr ta'minotidagi kamchiliklar haqida maqola e'lon qilgan edi.

Videomaqola fevral oyida e'lon qilingach, mahalladagi muammolarga prezident Shavkat Mirziyoyev ham e'tibor qaratib, selektorlardan birida Andijon viloyati hokimidan izoh so‘radi.

Oradan ikki oy o‘tib, biz yana Fayziobodga bordik. Shahrixonsoy ustiga uzunligi 32, eni 6,5 metr bo‘lgan, transport vositalari hamda piyodalar o‘tishiga mo‘ljallangan ko‘prik foydalanishga topshirilib, ko‘prikdan Andijon–Qo‘qon yo‘ligacha bo‘lgan 1,5 kilometr yo‘lga asfalt yotqizilibdi.

«Qishlog‘imiz aholisi juda xursand. Muhtaram prezidentimizning nazari tushib, katta mablag‘ evaziga zamonaviy ko‘prik qurib berishdi. Yengil mashina ham, yuk mashinalari ham bemalol o‘tadigan bo‘ldi.

Katta yo‘lga chiqish va mahallamizga kirish yo‘llari asfaltlandi. Ko‘prik juda chiroyli. Qo‘shni tumanlardan ham odamlar kelib, ko‘rib duolar qilib ketishyapti», deydi mahalla oqsoqoli Abdumannob ota Ismonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘prik «O‘zbekiston temir yo‘llari» tomonidan qurilgan.

«Viloyat hokimligining sa'y-harakatlari bilan uzog‘imiz yaqin bo‘ldi. Ikki oy davomida kecha-yu kunduz mehnat qilib, ko‘prikni bitkazgan «O‘zbekiston temir yo‘llari» jamiyati quruvchilariga ham o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz», – deydi Abdumannob ota Ismonov.

VwvYkCLkjOesVk7otpOYjvg8TXhfOI7S.jpg (1280×720)

Mavzuga oid
Top