14:43 / 07.04.2021
13682

«Ishlayman degan odamga hamma lavozim qiyin». Namangan viloyati hokimi qimmatbaho mashinalar, yo‘llar ahvoli va rahbarlik yuki haqida

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Kun.uz bilan suhbatda hokimlarning qimmatbaho mashinalari, yo‘llar holati, rahbarlik mas'uliyati va davlat rahbari tashabbus bilan chiqqanlarni doimo qo‘llab-quvvatlashi haqida gapirdi.

Hokimlar va qimmatbaho mashinalar haqida

— Men hokim bo‘lib kelganimdan keyin mashina sotib olganimiz yo‘q. Mengacha bo‘lgan bu avtomobil. Ammo mashinaning ham kerakligi bor, ortiqchasi bor. Ortiqchasi dabdaba, albatta.

Bunday avtomobillar kerak. Nima uchun? Tushuntiraman. Mana, yaqinda Pokistonning Panjob viloyati gubernatori keldi. 110 million aholiga ega katta bir hududning rahbari Namanganga kelish bo‘yicha taklifimizni qabul qildi. Shu kabi yana boshqa ko‘plab xorijiy mehmonlar tashrif buyuradi. Mana shunday mehmonlar yurtimizga kelganida, ularni oddiy mashinada olib yurmaymiz-ku? Bunday chiqimlar o‘zini oqlaydi, sababi, biror investor yo xorijiy hamkor kelganida, albatta, ularni qanday kutib olishimizga ham e'tibor beradi, mana shunday jihatlar hamkorligimizga ta'sirini ko‘rsatadi.

Yana qaytaraman, ortiqcha xarajatlar ortiqcha. Undan ko‘ra mablag‘ni yo‘lga, kommunikatsiyaga, kambag‘allikni qisqartirishga sarflash lozim.

Eng og‘riqli masalalardan biri - yo‘llar

— Eng og‘riqli masalalardan biri bu - yo‘llar. Bu yil o‘tkazgan ilk muhokamam yo‘l bo‘yicha bo‘ldi. Avvallari ichki yo‘llarga umuman ahamiyat berilmasdi. 11 ming kilometr ichki yo‘llarimiz bor. Davlat ahamiyatidagi, xalqaro ahamiyatdagi yo‘llar har yili budjetdan ta'mirlanadi, lekin ichki yo‘llar mahalliy hokimiyat balansida bo‘lgani uchun imkoniyat cheklangan edi.

Yurtboshimiz bu muammoni ko‘rib, uni hal qilish uchun budjetdan 200 mlrd so‘m ajratib berdilar. Biz esa mahalliy budjetdan 100 mlrd so‘m qo‘shadigan bo‘ldik. 1 yilda 300 mlrd so‘m. Bir yilda 1 ming kilometr yo‘l qurish va ta'mirlash ishlarini amalga oshiramiz. 2020 yil bilan solishtiraylik: 17 mlrd so‘m ajratilgan bir yilda. Bu 80 kilometr yo‘l demakdir. Umumiy yo‘llarning 1 foizigina ta'mirlanardi. Endi esa 120 kilometr yo‘lni to‘g‘rilashga ulgurdik. Misol uchun, Farg‘ona yo‘lining bir qismi abgor edi, uni ta'mirladik va ayni paytda aholi bundan juda xursand.

«Bunyodkor» mahallasida ham bu ishlarni amalga oshiramiz, faqat avval suv tortib olishimiz kerak. Mana shu mahalla bahona 24 mahallada ichimlik suvi muammosi hal etiladi. Shuningdek, «Bunyodkor»ga tutash 5-6 mahallaning yo‘llari ravon bo‘lishiga erishamiz.

Yangi Namangan tumanini tashkil qilyapmiz. Bu yerda 140 ming aholi yashaydi. Tuman markazi ham mana shu asosiy yo‘l bo‘yida tashkil etiladi. Bu yerda infratuzilma yaxshilana boshlagach, kichik sanoat zonalariga talabgorlar ko‘paydi. Bu yerda 10 gektar yer ajratilgan, ammo birovga kerak bo‘lmagan. Mana endi tadbirkorlar ushbu yerlarga da'vogar.

Rahbarlik mas'uliyati

— Ishlayman degan odamga hamma lavozim qiyin. Ichidan muammo chiqarib yursa, vaqt sarflab yurishi mumkin. Ekologiya qo‘mitasini ham bu darajada katta tashkilot, katta yo‘nalish deb o‘ylamaganman. Undagi so‘rov, aholining talabi kuchayib borayotgani, zamon o‘zgarayotgani u yerda ham juda ko‘p ishlar turganini ko‘rsatdi.

Ishlayman degan odamga u yerda muammolarni hal qilib yurish o‘ziga yarasha... Masalan, ekologiya sohasining ikki tomoni bor. 10ta qo‘riqxona bor edi, juda ham go‘zal joylar, tog‘ning tepasida, bir tomondan ko‘rib, tomosha qilgingiz keladi. Biroq, ikkinchi tomondan chiqindi masalasi turibdi. Uni o‘ylamasangiz, ish yurmaydi. Bu haqda ekologiya tizimiga kiradi. Shuning uchun mening fikrimcha, ishlayman degan odamga u kichkina hudud bo‘ladimi, boshqa bir oson tuyulgan yo‘nalish bo‘ladimi, har bir ish qiyinchilik tug‘diradi.

Ekologiya yo‘nalishi men uchun yangilik bo‘lgani uchun qiynalganman, hokimlikda esa tumanda, shaharda ishlab, ko‘p tajriba orttirdim, lekin ekologiya yo‘nalishi yangi bo‘lgani uchun ko‘proq qiynalishga, o‘zimni qiynashimga to‘g‘ri keldi.

Prezident tashabbuskorlikni ma'qullaydi

Prezidentimiz ish deb nafaqat hokim, balki oddiy fuqaro, oddiy tadbirkor bilan suhbatlashish jarayonida ham yangi dasturlar paydo bo‘ladi. Biz o‘z ko‘zimiz bilan shuni ko‘ramiz.

Masalan, selektor yig‘ilishlari. Nega selektor o‘tkaziladi? Har bir hokimga yoki qaysidir tadbirkor, qaysidir sektor rahbariga o‘z fikrini aytishi uchun imkoniyat beriladi. Shundan kelib chiqib topshiriqlar, dasturlar paydo bo‘ladi. Namuna bo‘lsin deb imkoniyat, mablag‘ ham taqdim etiladi. Kerak bo‘lsa fikr berib, to‘g‘rilab... Fikrlash uchun keng imkoniyat yaratib beriladi. 

Bundan oldin, Shavkat Abdurazzoqov viloyatda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, energotaqchillik va ekologiya masalasi haqida gapirib bergandi.

Top