12:09 / 07.04.2021
7972

Yangilangan asosiy dori vositalari ro‘yxati tasdiqlandi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan yangilangan asosiy dori vositalari ro‘yxati (ADVR) tasdiqlandi.

Norma’ning yozishicha, O‘zbekiston Respublikasining asosiy dori vositalari va tibbiy buyumlari ro‘yxatini tuzish bo‘yicha yo‘riqnomaga muvofiq, ADVR O‘zbekiston hududida amal qiladigan farmakoterapevtik tasniflash asosida shakllantiriladi.

Mazkur ro‘yxatdan tibbiyot muassasalari ehtiyojini tahlil qilishda, xaridlarni oqilona tashkil etish va dori vositalarini taqsimlashda, xodimlarni uni to‘g‘ri qo‘llashga o‘rgatish, mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan asosiy dori vositalari ishlab chiqarilishini rag‘batlantirishda, asosiy dori vositalari mavjudligini monitoring qilish va narxini shakllantirishda foydalaniladi.

Dori vositalari xalqaro patentlanmagan nomi bilan dozasi va chiqarilgan shakli ko‘rsatilgan holda ADVRga kiritiladi. Dori vositalari xalqaro patentlanmagan nomga ega bo‘lmagan taqdirda, uning o‘rnini bosuvchi nom yoki tarkib ko‘rsatiladi.

Yangi ro‘yxatda dori vositalarining 43 guruhi bo‘yicha preparatlar dozalari ko‘rsatilmagan holda berilgan. Xususan, asosan markaziy asab tizimiga ta'sir qiluvchi, psixotrop dori vositalari, analgetik vositalar, asosan periferik xolinergik jarayonlarga ta'sir qiluvchi dori vositalari va boshqalar kiritilgan.

Ro‘yxat Savdo-sanoat palatasi va Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi bilan kelishilgan.

Mazkur buyruq bilan Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘i (27.07.2018 y.) bilan tasdiqlangan asosiy dori vositalari ro‘yxati o‘z kuchini yo‘qotadi. 

Top