09:19 / 08.04.2021
4203

Statistika hisobotlarini elektron shaklda taqdim etish tartibi tasdiqlanmoqda

Foto: Fotolia

Statistika qo‘mitasining “Statistika hisobotlarini elektron shaklda taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Davlat statistika to‘g‘risida”gi, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi, “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq, internet tarmog‘i orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda elektron shaklda statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini belgilaydi.

Statistika hisoboti quyidagi respondentlar tomonidan taqdim etiladi:

  • faoliyat yuritayotgan respondentlar (faoliyat ko‘rsatmayotgan va harakatsizlardan tashqari);
  • yangi tashkil etilgan respondentlar birinchi marotaba belgilangan statistika hisoboti navbatdagi davridan boshlab;
  • faoliyati tugatilgan respondentlar faoliyat yuritgan hisobot davri uchun o‘z faoliyatini tugatish vaqtida.

Statistika hisobotini elektron shaklda taqdim etish respondentning o‘z xohishiga ko‘ra axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshirilishi mumkin.

Statistika hisobotlarini elektron shaklda taqdim etuvchi respondentlar ularning qog‘oz shaklidagi nusxasini taqdim etishga majbur emas.

Statistika hisobotlarini elektron shaklda taqdim etmaydigan respondentlar uchun ularni qog‘oz shaklida tegishli statistika organiga taqdim etishning amaldagi tartibi saqlanib qolinadi.

Statistika organlari tomonidan statistika hisobotini taqdim etishning belgilangan davriyligidan ko‘proq davriylikda talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Elektron shakldagi statistika hisoboti qog‘oz hujjatga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega hamda belgilangan tartibda arxivda saqlanishi lozim.

Elektron shakldagi statistika hisobotining saqlanish muddati qog‘oz shaklidagi statistika hisobotlari uchun belgilangan muddatdan kam bo‘lmasligi kerak.

Zaruriyatga ko‘ra, statistika organi tomonidan elektron statistika hisobotining qog‘oz shaklidagi nusxasi tayyorlanishi mumkin, nusxada tegishli rekvizitlar, tayyorlangan vaqti va sanasi ko‘rsatiladi. Elektron statistika hisobotining qog‘oz shaklidagi nusxasi uni tayyorlagan statistika organi rahbari tomonidan imzolanadi.

Respondentlar statistika hisobotini taqdim etish va qayta ishlash bo‘yicha maxsus axborot tizimidan Davlat statistika qo‘mitasining elektron interaktiv xizmatlar portalida (my.stat.uz) avtomatik tarzda yaratilgan shaxsiy kabineti orqali bepul foydalanadi.

Statistika hisoboti shakliga belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda, Davlat statistika qo‘mitasi tegishli elektron namunaga zarur o‘zgartirishlarni kiritib, o‘zining rasmiy sayti orqali respondentni o‘zgartirishlar to‘g‘risida xabardor qiladi.

Statistika hisobotini elektron shaklda taqdim etish uchun respondent:

  • Davlat statistika qo‘mitasining elektron interaktiv xizmatlar portali (my.stat.uz) orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda axborot tizimidagi shaxsiy kabinetiga kiradi;
  • tegishli statistika hisoboti shaklini taqdim etish davriyligi va belgilangan muddatidan kechiktirmay elektron statistika hisobotini shakllantiradi va Davlat statistika qo‘mitasiga jo‘natadi.

Statistika hisobotini taqdim etish muddatining so‘nggi kuni dam olish yoki bayram (ishlanmaydigan) kuniga to‘g‘ri kelsa, undan keyin keladigan birinchi ish kuni muddat tugaydigan kun deb hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top