11:09 / 08.04.2021
9077

Toshkentda 2 milliard so‘mni o‘g‘irlagan jinoiy guruhga sud hukmi o‘qildi

Toshkent shahri Yashnobod tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksi 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘rilik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borildi.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, Yashnobod tumanida joylashgan MChJda haydovchi bo‘lib ishlovchi 28 yoshli Baxtiyor Q., dalolatchi sifatida 28 yoshli Baxtiyor Z., 29 yoshli Shuhrat I., 25 yoshli Sherzod M., 26 yoshli Sardor T., 23 yoshli Farrux M.ni o‘g‘rilik jinoyatini sodir etishga qiziqtirib, birgalikda oldindan jinoiy reja tuzib, 2020 yil 15 avgust kunidan 16 avgust kuniga o‘tar kechasi qo‘llariga qo‘lqop kiygan holda Yashnobod tumanida joylashgan MChJga oq rangli davlat raqamlari yechib olingan “Lacetti” rusumli avtomashinada kelishgan.

Ular MChJning g‘aznaxonasiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, temir panjaralarni temir kesish uskunasida kesgan va jami 2 341 996 803 so‘m hamda 25 000 AQSh dollari pul mablag‘larini o‘g‘irlab, ushbu pullarni o‘zlari kelgan “Lasetti” rusumli avtomashinaning yukxonasiga joylagan, so‘ng Bo‘stonliq tumanida joylashgan “dacha”lardan birini ijaraga olib, 18 avgust kuni tungi soat 01:00da dam olish maqsadida ushbu “dacha”ga Toshkent shahridan chiqib ketayotganida IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Jinoyat ishi doirasida ushbu o‘g‘rilik jinoyatini sodir qilgan shaxslar muqaddam bir necha marotaba sudlangani aniqlanib, yetkazilgan moddiy zarardan 1 797 618 000 so‘m, 23 763 AQSh dollari pul mablag‘lari jabrlanuvchiga qaytarilib, ularga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi tegishli tartibda ayblov xulosasi bilan tegishli sudga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudining hukmiga ko‘ra, Baxtiyor Z., Shuhrat I., Sherzod M., Farrux M.ga 10 yil, Baxtiyor Q.ga 8 yil, Sardor T.ga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan hamda jinoyat sodir qilingan “Lacetti” rusumli avtotransport vositasi qonuniy egasiga qaytarilgan.

Top