16:26 / 09.04.2021
32118

Shahzoda Filipp 99 yoshida vafot etdi

Bukingem saroyi qirolicha Yelizaveta II’ning turmush o‘rtog‘i, Edinburg gersogi Filipp 99 yoshida olamdan o‘tgani haqida rasman e'lon qildi.

«Qirolicha janobi oliyalari o‘zining suyukli turmush o‘rtog‘i shahzoda Filipp, Edinburg gersogi vafot etganini ma'lum qiladi. Hazrati oliylari bugun tongda Vindzor saroyida sokin jon berdi», deb yozilgan bayonotda.

1921 yilda tug‘ilgan shahzoda Filipp 1947 yildan buyon qirolicha Yelizaveta bilan yashab kelayotgandi. Oila qurilganidan 5 yil o‘tib Yelizaveta qirolicha bo‘lgan. Ularning 4 nafar farzandi, 8 nafar nabirasi va 10 nafar evarasi bor.

10 iyun kuni u 100 yoshga to‘lgan bo‘lardi. Shahzoda Filipp turmush o‘rtog‘ining yubileyidan ikki hafta oldin jon berdi – 21 aprel kuni qirolicha 95 yoshni qarshilaydi.

Qirolichaning turmush o‘rtog‘i 2017 yildan ommaviy tadbirlarda ko‘rinish bermay qo‘ygandi.

Yanvar oyida Yelizaveta II va turmush o‘rtog‘i koronavirusga qarshi emlangandi. 17 fevral kuni shahzoda o‘zini yomon his qila boshlagach, shifoxonaga yotqizilgandi. Xabarlarda bu koronavirus bilan bog‘liq emasligi aytilgandi. Mart oyida yuragidagi kasallik tufayli muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgani ma'lum bo‘ldi. Operatsiyadan keyin uni reabilitatsiya uchun qirol Eduard VII nomidagi shifoxonaga yotqizishdi. Shundan keyin mart oyi o‘rtalarida saroyga qaytgandi.

U 1921 yilda Gretsiyaning Korfu orolida, Glyuksburglar sulolasi oilasida tug‘ilgan. Germaniya, Shotlandiya va Angliyada tahsil olgan. Shahzoda Filipp flotda xizmat qilgan va Ikkinchi jahon urushida qatnashgan.

1947 yilda Vestminster abbatligida Filipp va Yelizaveta II nikoh marosimi bo‘lib o‘tgan. Shundan keyin u qirollik xonadoni a'zosi sifatida turli marosim va xayriya tadbirlarida faol qatnasha boshlagan, qirolichaga turli tashriflar vaqtida hamrohlik qilgan.

Malika Yelizaveta va shahzoda Filipp nikoh marosimidan keyin Bukingem saroyi balkonida
Foto: PA News/TASS
Yelizaveta II turmush o‘rtog‘i va bolalari bilan Balmoraldagi qarorgohda. 1955 yil.
Foto: AP/TASS
Qirollik juftligi Angliya janubidagi Nyu-Heyven shahridagi stadionda. 1962 yil.
Foto: PA Images/TASS
Qirolicha Barbadosda «Britaniya» yaxtasi bortida turib «Konkord» layneriga qo‘l silkimoqda. 1977 yil.
Foto: PA Images/TASS
Yelizaveta II shahzoda Filipp bilan Shotlandiyadagi Balmoral qal'asida. 1972 yil.
Foto: PA Images/TASS
Yelizaveta Tinch okeanidagi Tuvalu orolida shahzoda Filippni suratga tushirmoqda. 1982 yil.
Foto: PA Images/TASS
Juftlik Londondagi Universitet kollejiga tashrif vaqtida. 2005 yil.
Foto: PA Images/TASS
Britan qirolichasi turmush o‘rtog‘i bilan Ottavada Kanada kunini nishonlash marosimi vaqtida. 2010 yil.
Foto: Reuters
Yelizaveta II va shahzoda Filipp Londondagi Vestminster saroyida parlament sessiyasining tantanali ochilish marosimidan keyin. 2013 yil.
Foto: Reuters
Yelizaveta II va shahzoda Filipp Londondagi Avliyo Pavel Soborida. 2015 yil.
Foto: epa/vostock-photo
Qirolicha Yelizaveta II va Edinburg gersogi Filipp Londondagi otliqlar gvardiyasi paradiga tashrif vaqtida. 2016 yil.
Foto: Reuters
Qirollik juftligi portreti, 2017 yil noyabrida nikohning 70 yilligiga bag‘ishlab ishlangan
Foto: epa/vostock-photo
Mavzuga oid
Top