15:29 / 10.04.2021
17549

«Orqasida kim tursa ham, aybdorlar jazolanishi kerak» - Komil Allamjonov Termizda o‘quvchining zo‘rlanishi jazosiz qolayotgani haqida

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Termizda voyaga yetmagan qizning nomusiga tegilgani, ammo bir yildan buyon jinoyat ishi ochilmaganiga munosabat bildirdi.

«Termiz shahar IIB oxirgi paytda «trendda» – og‘izdan tushmay qoldi. IIV ushbu masalani o‘z nazoratiga olishi kerak.

Termiz shahar IIB rahbari va uning xodimlari faoliyati ustidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, ularga huquqiy baho berilishi, orqasida kim tursa ham, kim bo‘lishidan qat'i nazar, aybdorlar jazolanishi hamda mazkur holat yuzasidan matbuotda hisobot berilishi zarur», – deya yozdi Allamjonov Telegram-kanalida.

Kecha, 9 aprel kuni senator Farhod Boqiyev bayonot berib aytgandiki, Termiz shahrida 16 yoshli qizning nomusiga tegilgan, uning ota-onasi shahar IIBga murojaat qilganiga qaramay, oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan.

Qizning yaqinlariga ko‘ra, ish bosti-bosti qilinganiga sabab – gumondorning Termiz shahar IIO FMBda ishlaydigan do‘stlari bor.

10 aprel kuni Ichki ishlar vazirligi bayonot berib, Termiz shahar IIB xodimlarining xizmat mavqeyini suiiste'mol qilayotganliklari to‘g‘risida senator bildirgan ma'lumotlarni o‘rganish bo‘yicha vazirlik ishchi guruhi tomonidan xizmat tekshiruvi boshlanganini ma'lum qildi.

Top