21:59 / 10.04.2021
18329

Toshkent metrosida poyezd eshigi ochiq holda harakatlangani uchun uch xodim ishdan bo‘shatildi

Toshkent metropoliteni vagon eshigi yopilmagan holda harakatlangan poyezd mashinistini ishdan bo‘shatdi. Tarkibning elektr-chilangari va katta ustasi ham lavozimidan ozod etildi.

Xizmat tekshiruvi natijasida, shuningdek, elektrodepo boshlig‘ining tarkiblarni ta'mirlash bo‘yicha o‘rinbosariga maoshining 40 foizi miqdorida jarima tayinlandi.

E'tiborlisi, «Toshkent metropoliteni» UKning xizmat tekshiruvi boshlangani va uning natijasi haqidagi har ikkala xabari faqat rus tilida e'lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 9 aprel kuni soat chamasi 18:40da Chilonzor yo‘nalishining «Pushkin» bekatidan «Buyuk ipak yo‘li» bekatiga yo‘lga chiqqan tarkib vagonlaridan kamida bittasining eshigi ochiq qoldi.

Avvalroq metropoliten ma'muriyati holat yuzasidan izoh berib, uzr so‘ragandi.

Bu – Toshkent metrosida uch kun ichida kuzatilgan uchinchi noxush holat bo‘ldi. 7 aprelda «G‘afur G‘ulom» bekatida poyezd ishdan chiqib, yurmay qolgan, 8 aprelda esa Sergeli yo‘nalishida harakat 6 soatga avariyaviy to‘xtab qolgandi: yangi qurilgan metro yo‘lida nosozlik kelib chiqdi.

18 martda esa Sergeli yo‘nalishi boshlanish joyida ikki poyezd to‘qnashib ketgan edi.

Top