14:40 / 11.04.2021
20556

O‘zbekiston zaytun yetishtirishni ko‘paytirmoqchi. Yog‘-moy sanoatida narx arzonlashi uchun bu to‘g‘ri yechimmi?

Hukumat tashabbusi bilan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 530 gektardan ortiqroq maydonda zaytun plantatsiyasi barpo etilishi rejalashtirilmoqda. O‘zbekiston aholisi uchun zaytun moyi tobora qimmatlashib borayotgan kungaboqar va paxta moylari o‘rnini bosishi mumkinmi?

Foto: Getty Images

Yaqin yillarda O‘zbekiston zaytun moyi ishlab chiqaradigan mamlakatlar qatoriga qo‘shilishni rejalashtirmoqda. Xususan, joriy yilning mart oyi oxirlarida respublikaning janubiy viloyatlarida 530 gektar, shu jumladan, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy, Muzrabot va Uzun tumanlarining har birida 100 gektardan, Termiz, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Bandixon tumanlarining har birida 50 gektardan, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 30 gektar maydonda zaytun plantatsiyasi barpo etilishi bo‘yicha ma'lumotlar e'lon qilindi.

Ushbu loyihani amalga oshirishga O‘zbekistonni nima undamoqda? Mamlakatda va mintaqada mashhur bo‘lmagan zaytun moyi bozorida O‘zbekiston raqobatlasha oladimi? East Fruit tahlilchilari bu borada o‘z fikrlarini bildirishdi.

Mamlakatda 10 darajagacha bo‘lgan sovuqqa chidamli Arbusano (Italiya), Arbikino (Italiya), Manzaniya va Kolores (Ispaniya) hamda Gemlik (Turkiya) navli 465 ming tup zaytun ko‘chati o‘tqazilishi ko‘zda tutilmoqda.

«O‘zyog‘moysanoat»ning ma'lum qilishicha, respublika aholisining o‘simlik moyiga bo‘lgan talabi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 55 foizga ta'minlanmoqda, ichki bozor ehtiyojining 45 foizi import hisobiga qoplanmoqda. Bu qaror qabul qilinishi mamlakatda yog‘-moy mahsulotlarini arzonlashtirish zarurati bilan izohlangan.

Ma'lumot uchun, hozirda O‘zbekiston aholisining o‘simlik moyiga bo‘lgan yillik talabi 475 ming tonnani tashkil etadi. Yog‘-moy korxonalari esa yiliga 259 ming tonna o‘simlik moyi ishlab chiqarmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekiston aholisi orasida kungaboqar va paxta moylari mashhur hisoblanadi. Bundan tashqari, zaytun moyining narxi kungaboqar va paxta moyi bilan solishtirganda ancha yuqori va uni ishlab chiqarish ancha qimmatga tushadi.

O‘zbekistonda zaytun daraxtini yetishtirish tarixi 2002 yildan boshlangan, unga qadar Markaziy Osiyoda hech qachon zaytun o‘stirilmagan. 2002 yil fevralida Turkiyadan 4 tup zaytun daraxti ko‘chati olib kelingan. Ular subtropik mintaqa bo‘lgan Surxondaryo viloyatiga ekilgan. O‘zbekistonda zaytun yetishtirish bo‘yicha birinchi tajribalar mana shunday boshlangan.

Biroq 2007-2008 yilgi sovuq qish bu tajribalarni to‘xtatadi, chunki 2008 yil yanvarida tunda harorat tez-tez 10 darajagacha pasayib ketishi natijasida barcha zaytun daraxtlari nobud bo‘lgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi 2020 yil iyul oyida videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan Xalqaro zaytun kengashining 111-sessiyasida (kuzatuvchi maqomida) ishtirok etdi. Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev o‘z nutqi davomida O‘zbekistondagi zaytun sanoatini rivojlantirishga qiziqish ortib borayotganini aytib o‘tgan.

Surxondaryo viloyatida tajriba sifatida zaytun daraxtlari ekilgani va zaytunning qurg‘oqchilikka chidamliligi O‘zbekiston janubida yetishtirishning muhim omillaridan biri sifatida qayd etilgan.

«O‘zyog‘moysanoat»ning ma'lum qilishicha, shu kungacha ayrim dehqonlar sinov tariqasida ozgina yerga zaytun ekishgan. Bu yil ilk bor hukumat tashabbusi bilan 530 gektardan ortiqroq maydonga zaytun ekilmoqda.

O‘zbekistonning janubiy subtropik mintaqalari iqlimi zaytun yetishtirish uchun qulay hisoblanadi, ya'ni bu yerda ob-havo bilan hech qanday muammo bo‘lmasligi mumkin. Ammo bu yerda eng muhimi, mamlakatda zaytun moyi va zaytun iste'molini rivojlantirish zarurligini ko‘rib chiqish kerak. Zaytun moyi iste'molchi uchun arzon muqobilga aylanmaydi, aksincha u qimmat mahsulot bo‘lib, mamlakat aholisining asosiy qismida daromad darajasi pastligi sababli zaytun biznesi rivojlanishi jiddiy to‘siqlarga uchrashi mumkin.

Bundan tashqari, O‘zbekiston zaytun moyi eksportiga umid qilmasligi kerak, chunki jahon bozorida yuqori darajadagi raqobat mavjud. Bu yerda sifat birinchi o‘ringa chiqadi va tajribasiz o‘zbek ishlab chiqaruvchilari bu raqobat maydonida o‘z o‘rnini topishda qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy holatdir.

Shuningdek, geografik jihatdan O‘zbekistonga yaqin bo‘lgan mamlakatlarning hech qaysisida zaytun moyi asosiy iste'mol mahsuloti hisoblanmaydi.

Avvalroq, Kun.uz O‘zbekistonda o‘simlik moyi narxi oshib borayotganiga oid tahliliy maqola e'lon qilgandi. Unda so‘nggi oylarda dunyo bo‘yicha o‘simlik moyi narxi o‘rtacha 20—25 foizga, O‘zbekistonda esa 17 foizga oshgani, shuningdek, narx oshishi kungaboqar moyi narxi ko‘tarilishi fonida sezilgani ta'kidlangan edi. Shuningdek, mutaxassislar narx yana 30 foizga oshishi mumkinligini taxmin qilayotgani ma'lum qilingandi.

Ma'lumot uchun, zaytun moyi foydasi eng ko‘p bo‘lgan mahsulotlardan biri sifatida qadimdan mashhur. Undan tibbiyot, diyetologiya va kosmetologiya sohasida faol foydalaniladi. Zaytun moyi organizm tomonidan oson so‘riladi, ishtahani pasaytiradi, modda almashinuvini tezlashtiradi va oshqozonga foydali ta'sir qiladi. Zaytun moyini muntazam ravishda iste'mol qilish — yurak-qon tomir kasalliklari oldini olishning yaxshi usuli: u tomirlarni mustahkamlaydi va ularni yanada elastik qiladi.

Olimlar zaytun daraxtining vatani Misr ekanini aytishadi. Finikiyalik savdogarlar yordamida u Yunoniston (hozirgi Gretsiya), Ispaniya va Italiyaga yetib kelib, mashhurlikka erishadi. Hozirgi kunda Ispaniya zaytun yetishtirish bo‘yicha eng yirik mamlakat hisoblanadi. Bu yerda yiliga 10 million tonna zaytun ishlab chiqariladi. Italiya, Turkiya, Gretsiya va Marokashda yiliga 1 million tonnadan ziyod zaytun yetishtiriladi. 1 million tonna ishlab chiqarishni maqsad qilgan va faol o‘sib borayotgan boshqa ishlab chiqaruvchilar guruhiga Misr, Jazoir, Portugaliya va Tunis davlatlarini kiritish mumkin. O‘zbekistonga yaqin eng yirik zaytun yetishtiruvchi davlat Eron hisoblanib, u yerda yiliga 100 ming tonnaga yaqin zaytun yetishtiriladi.

Top