22:08 / 12.04.2021
6843

2021 yilda Toshkent shahriga 4,1 milliard dollar investitsiya kiritilishi ma'lum qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 aprel kuni Toshkent shahrida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Foto: Press-slujba prezidenta

Rasmiy relizga ko‘ra, 2021-2023 yillarda Toshkent shahrida umumiy qiymati 10,7 milliard dollarlik 1390 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish va qariyb 98 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Jumladan, 2021 yilda jami 4,1 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirish belgilangan.

«Birinchi chorakda poytaxtda 1,8 trillion so‘mlik 130 ta loyiha ishga tushirildi va 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi. Jumladan, sanoat yo‘nalishida 55 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 63 ta, uy-joy qurilishida 12 loyiha amalga oshirildi.

Taqdimotda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi mo‘ljallangan loyihalar to‘g‘risida ma'lumot berildi. Misol uchun, Mirzo Ulug‘bek tumanida yiliga 110 ming tonna metalldan quyma po‘lat, armatura, ugolnik, shveller kabi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etiladi va 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi», – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, yil yakuniga qadar qiymati 30 trillion so‘mdan ziyod 847 ta loyihani amalga oshirish va qariyb 36 mingta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida 2021-2023 yillarda 3 milliard dollarlik eksport rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 800 million dollardan ziyod bo‘lgan sanoat mahsulotlari, qariyb 70 million dollarlik meva-sabzavotni eksport qilish kutilmoqda.

Top