10:01 / 12.04.2021
8377

IIV harbiy tuzilmalariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi ochiqlandi

Ichki ishlar vazirining “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi harbiy tuzilmalariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi e'lon qilindi.

Nizom prezidentning 2019 yil 12 sentyabrdagi PQ–4447-son “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi harbiy tuzilmalariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni qabul qilish uchun harbiy-kasbiy saralash va yakuniy tanlovlarni o‘tkazish hamda ayrim toifadagi nomzodlarga imtiyoz va ustunliklar berish tartibini belgilaydi.

Nomzodlarni ixtiyoriy tartibda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga mavjud bo‘sh lavozimlardan kelib chiqqan holda qabul qilish uchun saralash va yakuniy suhbat o‘tkazish tadbirlari tashkil qilinadi.

Nomzodlarni saralash tadbirlari mavjud bo‘sh lavozimlar uchun o‘tkaziladi, qoida tariqasida, har chorak oxirgi oyi uchinchi o‘n kunligi saralash kunlari hisoblanadi. Navbatdan tashqari nomzodlarni saralash tadbirlari ehtiyojdan kelib chiqib o‘tkazilishi mumkin.

Saralash o‘tkazilishidan kamida o‘n kun oldin kadrlar bo‘limi tomonidan iqtidorli yoshlarni jalb etish maqsadida ichki ishlar organlarining rasmiy nashrlari va saytlarida hamda ommaviy axborot vositalari, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda bo‘sh lavozimlar bo‘yicha ma'lumotlar, saralash o‘tkazish joyi va kunlari, taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar, shuningdek xizmatga qabul qilish tartibi va belgilangan imtiyozlar to‘g‘risida e'lonlar beriladi.

Nomzodlarga qulaylik yaratish maqsadida harbiy qismlar hududiga kirish joylarida nomzodlarni saralash tartibi, ularga qo‘yiladigan talablar, qabul kunlari va joyi, taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati haqidagi ma'lumotlar qayd etilgan axborot stendlari majburiy tartibda joylashtirilishi lozim.

Ortiqcha ovoragarchilikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida belgilangan kunlardan oldin yoki keyin murojaat etgan fuqarolar nomzodlar ro‘yxatiga kiritilmaydi va ular bilan saralash shartlari, o‘tkaziladigan saralashlar yuzasidan ichki ishlar organlari rasmiy nashrlari va saytlarida hamda ommaviy axborot vositalari, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda beriladigan e'lonlar bilan tanishib turishi haqida tushuntirish ishlari o‘tkaziladi.

Nomzodlar “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunda, prezidentning 2019 yil 12 sentyabrdagi PQ–4447-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan talablarga javob berishi lozim.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilishda nomzodning bo‘yi prezidentning 2018 yil 25 dekabrdagi PQ–4076-son qarori bilan tasdiqlangan Qurolli Kuchlarda tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi hamda Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining qarori bilan tasdiqlangan Qurolli Kuchlarda tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarida belgilangan maxsus talablarga javob berishi shart. Maxsus talablar mazkur nizomning 68-bandida nazarda tutilgan shaxslarga hamda tor ixtisoslik bo‘yicha mutaxassislik talab etiladigan lavozimlarga o‘rganilayotgan nomzodlarga tatbiq etilmaydi.

Harbiy xizmatga shaxsiy, ishbilarmonlik va kasbiy fazilatlariga ega kadrlar tanlanishi, ularning maqsadli joylashtirilishi barcha darajadagi rahbarlar vazifasi bo‘lib, ular ushbu ishlarni tashkil etish uchun mas'ul hisoblanadi.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash bo‘yicha olib borilgan ishlar natijalari kadrlar bo‘linmalari yillik hisobotlarida aks ettiriladi. Ushbu masalalar har yili yig‘ilishlarda ko‘rib chiqilib, saralash samaradorligini oshirish hamda uni o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilinadi.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar orasidan kontrakt bo‘yicha xizmatga nomzodlarni ko‘rib chiqish prezidentning 2019 yil 12 sentyabrdagi PQ–4447-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Nomzodlarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga saralash tadbirlari quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

a) dastlabki o‘rganish (suhbat, hujjatlarni yig‘ish va o‘rganish);

b) tibbiy ko‘rik (hududiy poliklinikalardan sog‘ligi to‘g‘risida ma'lumotnoma);

v) psixologik o‘rganish (nomzodlar intellektual rivojlanganlik darajasi va psixoemotsional barqarorligini baholash);

g) jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash.

Saralashning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bosqichi va yakuniy suhbat tadbirlari videotasvirga tushirib boriladi.

Saralash va yakuniy suhbat tadbirlari davomida Faxriylar kengashlari a'zolari, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari va nomzodlarning yaqin qarindoshlari ishtirok etishi mumkin. Bunda, jamoatchilik vakillari yoki nomzodlar saralash va yakuniy suhbat tadbirlarini o‘tkazish jarayoni va uning natijalaridan norozi bo‘lgan taqdirda tegishli saralash yoki qabul komissiyasi raisiga yozma ravishda murojaat qilishi va o‘z taklif hamda e'tirozlarini bildirishi mumkin. Jamoatchilik vakillari va nomzodlar murojaatlari “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi lozim.

Quyidagi holatlarda saralashning istalgan bosqichida nomzodni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish rad etilishi mumkin:

  • nomzod nizomning 9-bandida belgilangan talablarga javob bermasa;
  • O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq nomzod kontrakt tuzish huquqiga ega bo‘lmasa;
  • kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish imkonini beruvchi qonunda belgilangan yosh chegarasidan o‘tganda;
  • nomzodga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, unga nisbatan dastlabki tergov yoki surishtiruv olib borilayotgan, jinoiy ish sudda ko‘rilayotgan bo‘lsa (bunday holatlarda nomzodning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinishi masalasini ko‘rib chiqish jinoiy ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinganidan so‘ng amalga oshiriladi);
  • jazo chorasidan va amnistiya qo‘llanilganidan qat'i nazar, nomzod sodir etgan jinoyati uchun ayblov hukmi mavjud bo‘lsa;
  • nomzod muqaddam kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy xizmatchi nomiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakatni sodir etgani yoki xizmat vazifasiga noloyiq bo‘lib qolgani sababli xizmatdan bo‘shatilgan bo‘lsa;
  • nomzod o‘zi haqida bila turib noto‘g‘ri ma'lumotlar taqdim qilgani aniqlanganda;
  • maxsus tekshiruv tadbirlari, ma'lumoti, mutaxassisligi mos kelmaganda;
  • nomzod nizomning 25-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortganda;
  • saralash komissiyasi faoliyatiga oshkora yoki boshqacha tarzda to‘sqinlik qilganda.

Nomzodni harbiy xizmatga qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida saralash komissiyasi tomonidan dalolatnoma tuziladi va bu haqda nomzodga ma'lum qilinadi.

Top