16:26 / 12.04.2021
5046

Jazeera Airways O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma oldi

Kuvaytning Jazeera Airways aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma oldi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston hukumati va Kuvayt davlati o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risidagi bitim asosida “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan 2021 yil 12 aprel kuni Jazeera Airways aviakompaniyasiga Kuvayt – Toshkent –  Kuvayt yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ekspluatatsion ruxsatnoma berildi. 

Aviakompaniya parvozlarni A320-214 va A320-251N havo kemalarida amalga oshirishini ma'lum qilgani aytiladi.

Joriy yil yanvar oyi oxirlarida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Jazeera Airways aviakompaniyasi vitse-prezidenti Ravindran Bxaratxan boshchiligidagi delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazgandi.

Muzokaralar davomida Kuvaytdan O‘zbekiston shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish, mamlakatga kuvaytlik sayyohlar oqimini oshirish va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

Ma'lumot uchun: Jazeera Airways Kuvaytning eng yirik aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyoning 40 ga yaqin mamlakatiga muntazam reyslarni amalga oshiradi.

Bundan oldin, O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgani xabar berilgandi

Top