20:38 / 12.04.2021
11706

“O‘zbekneftgaz”: Moliyaviy o‘rganishlar natijasida yirik miqdordagi mablag‘ o‘zlashtirilishi, 415 mln so‘mlik neft mahsulotlari kamomadi, asossiz ish haqi va to‘lovlar to‘lab kelingani fosh etildi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev topshirig‘iga asosan, Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti xodimlari tomonidan Jamiyat tizimidagi korxonalar faoliyati o‘rganilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini tizimli ravishda amalga oshirish, xodimlar, fuqarolar va keng jamoatchilik o‘rtasida unga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganiga qaramay, afsuski o‘rganishlar jarayonida tizimda ishchi-xodimlar o‘rtasida shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab xizmat vazifalarini suiiste’mol qilish holatlari aniqlanmoqda.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning mart oyida olib borilgan profilaktik ishlari natijasida Jamiyat obro‘siga putur yetkazadigan quyidagi kabi salbiy holatlar aniqlandi va o‘z navbatida ularni bartaraf etish hamda kelgusida yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, “Maroqand neft baza” MChJ xodimi A.Sh. o‘z shaxsiy manfaatlarini ko‘zlagan holda yaqin qarindoshlarini aslida ishlamasa-da, neft bazasi tizimiga ishga rasmiylashtirib, ularga (2017–02.2021 yillarda) jami 116,6 mln so‘m ish haqi hisoblab to‘lab berilgan. Olib borilgan choralar natijasida ushbu mablag‘ jamiyat hisobiga qayta tiklandi.

Shuningdek, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ ishchi xodimlari B.J.ga 2019–2021 yillar davomida, D. U.ga 2016-2021 yillar davomida haqiqatda ishlamagan bo‘lsa-da, jami 146,0 mln so‘m oylik ish haqlari asossiz hisoblab, to‘lab berilgan. Hozirda ushbu mablag‘lardan 91,0 mln so‘mi qaytarildi va qolgan mablag‘larni qaytarish choralari ko‘rilmoqda.

Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Beruniy” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi mutaxassisi A.P. 2020–2021 yillarda 7 oy davomida haqiqatda ishlamagan bo‘lsa-da, ushbu davrda unga asossiz ravishda jami 26,8 mln so‘m ish haqi hisoblangan. Ushbu xodim boshqarmaning tegishli buyrug‘i bilan vazifasidan ozod etildi va noo‘rin to‘langan mablag‘larni undirish choralari qo‘rilmoqda .

Tizimda olib borilayotgan keng ko‘lamdagi nazorat profilaktika ishlari va buning natijasida Jamiyat rahbariyati tomonidan ko‘rilayotgan turli huquqiy va intizomiy choralarga qaramasdan ayrim neft bazalari MChJlari moddiy javobgar shaxslar tomonidan jamiyat mulkiga nisbatan xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lish holatlari hali-hanuz uchramoqda.

Masalan, “Farg‘ona neft baza” MChJda jamiyat mas’ullari bilan birgalikda amalga oshirilgan komplayens nazorati jarayonida “Qatortol” va “Alisher Navoiy” FYoTShlarida moddiy javobgar shaxslar zimmasidagi jami 69 279,0 litr, umumiy qiymati 415,5 mln so‘mlik neft mahsulotlarining kamomadi aniqlandi. Ushbu holatga belgilangan tartibda tegishli huquqiy baho berilishi va kamomad undirilishi bo‘yicha jarayonlar davom etmoqda.

Xuddi shunday, “To‘raqo‘rg‘on neft bazasi” MChJ Chust filialiga qarashli FYoTShlarda (“O‘zbekiston”, “Zarafshon”, “Karkidon” va “Olmos”) o‘tkazilgan o‘rganishlarda neft mahsulotlarining belgilangan tartibda rasmiylashtirmasdan va to‘lovsiz berib yuborilishi natijasida 66,3 mln so‘mlik (11021 litr dizel yonilg‘isi) kamomadga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. O‘rganish jarayonida mazkur kamomad to‘liq qayta tiklandi va filial mas’ullariga nisbatan amaldagi qonunchilikka muvofiq intizomiy choralar qo‘llanildi.

Bundan tashqari, Jamiyatning tizim korxonalariga biriktirilgan komplayens inspektorlari tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat profilaktika ishlari natijasida pul mablag‘larining samarasiz ishlatilishi, tovar-moddiy boyliklarning saqlanishi, manfaatlar to‘qnashuvi, xarid jarayonlaridagi ayrim xatoliklar, shuningdek, qarzdorliklarni o‘z vaqtida undirmaslik bilan bog‘liq boshqa xatoliklar ham aniqlanib o‘z vaqtida bartaraf etib kelinmoqda.

Xususan,

“To‘raqo‘rg‘on neft bazasi” MChJda 2020–2021 yillar davomida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning ajratilishi o‘rganilganda, aniqlangan jami 185,0 mln so‘m ortiqcha to‘lovlarning qaytarilishi;

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ yakka tartibda turar joy qurilishi va uni foydalanishga berilishi haqidagi shartnoma va buxgalteriya birlamchi hujjatlari o‘rganilganida, uy-joylar uchun xodimlarga ajratilgan mablag‘lardan jami 1 621,4 mln so‘m qarzdorligi bo‘yicha joriy yilning mart-aprel oylarida 934,9 mln so‘m qaytarilishi;

“Andijon neft bazasi” MChJ tomonidan 2020 yil mart-aprel oylari davomida Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasiga noto‘g‘ri o‘tkazilgan 872,2 mln so‘m mablag‘ neft baza hisob raqamiga qaytarilish holatlari shular jumlasidandir.

Ta’kidlash joizki, fuqarolar, tizim korxonalari ishchi-xodimlari va iste’molchi kontragentlar hamkorlik doirasida yuzaga keladigan korrupsion holatlar yoki Jamiyat mas’ullari tomonidan qonunbuzulish va korrupsion holatlar sodir etilganda Jamiyat rasmiy sayti, Moliyaviy va komplayens nazorat departamentining compliance@ung.uz elektron manzili hamda @ung_anticorBot telegram botlari ma’lum qilishingiz mumkin. Murojaat yo‘llaganlar shaxsi mutlaqo sir saqlanishi kafolatlanadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati 

Top