19:27 / 12.04.2021
6867

Ramazon ruhiyatning shifokori hamdir – mutaxassis bu oydagi sog‘likka foydali jihatlar haqida

Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova kirib kelayotgan Ramazon oyida sog‘likni mustahkamlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

Ruhiy holat bilan jismoniy holat o‘rtasidagi barqarorlik, uyg‘unlik, sihat-salomatlik garovidir.

  • Zavqli va sog‘lom hayot kechirish uchun: kayfiyatning ko‘tarinki bo‘lishi hayot davomida qanchalik sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya qilishga bog‘liq desak, adashmagan bo‘lamiz. Zero, sog‘lom tanda sog‘ aql, deyishadi.
  • Uyqungiz maromida bo‘lsin! Qulay yotoq va tiniq uyqu bo‘lishi hamda me'yoriy 7-8 soatlik uyqu soatlarini tashkil qilish kerak.
  • Yaxshi ovqatlaning! Meva va sabzavotlarni ko‘p istemol qilish, parhezpob taomlardan (parranda go‘shti va baliq) yeb turish tanamizga koni foyda.
  • Mashq qiling! Imkoniyat darajasida qanchalik ko‘p jismoniy mashqlarni bajarsangiz, shuncha yosh va ko‘rkam ko‘rinasiz. Olimlarning aytishicha, kuniga 20-30 daqiqalik mashqlar inson umrini o‘rtacha 3 yilga uzaytirar ekan.
  • Uzoq yashash sirlaridan eng yaxshilari — hayotga yaxshi nazar bilan qarash, doimo yaxshi niyat qilish, odamlarni sevish, mehnatsevarlik, shukronalik, bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish, ruhiy hissiyotlarga qattiq bog‘lanib qolmaslik, stresslarga berilmaslik.
  • Hayotingizni soddalashtiring! Odamlarda odatda keragidan oshiqroq narsalar bo‘ladi. Uyingiz, umuman, atrofingizdagi sizga kerak bo‘lmagan narsalarni kamaytiring. Ancha yengillashasiz!
  • Yaxshilik qilib turing! Atrofdagilarga beg‘araz ko‘mak berishni kanda qilmang. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, odamlarga yordam berib yashaydigan insonlar baxtliroq va uzoqroq umr kechiradilar.
  • Yaxshi tarafni ko‘rishga harakat qiling! Olimlarning takidlashicha, optimistlar (ilg‘or fikrlaydigan insonlar), pessimistlarga (tushkunlikka moyil) qaraganda 7-8 yil uzoq yasharkan. Quvnoq insonlarning do‘st orttirishi ham oson .
  • Jilmaying! Samimiy tabassum va beozor kulgi inson umrini uzaytirishi sir emas. Kulgi yaxshigina kayfiyatni ko‘taradi.
  • Suv iching! Suv sizni sog‘lom, chiroyli va xotirjam qiladi.
  • Xavotirlanmang! O‘zingizda yo‘q narsa uchun tashvish chekmang. Hozir yo‘qligining boisi demak, hali mavridi emas.
  • Asosiysi, taqdiringizdan aslo nolimang! Bu sizga hech qanday naf bermaydi! Hayotingizda bor odamlar va bor narsalar uchun shukr qilib yashashga harakat qiling.

Immunitet bizning beminnat tansoqchimizdir. Tabiiyki, immunitet pasayganda, organizm kuchsizlanadi. O‘zimizni kasalliklardan himoya qilishimiz, immunitetni asrash va ro‘za kunlari kun davomida tetik bo‘lish uchun quyidagi kun tartibi hamda ovqatlanish qoidalariga amal qilish juda muhim:

  • erta tongda belgilangan soatda uyqudan uyg‘onib, gigiyenik tadbirlar va amallarni bajarish;
  • sog‘-salomat kunni yaxshi kayfiyatda o‘tkazish uchun saharlikka foydali va kun davomida to‘qlik hissini beruvchi mahsulotlarni tanlash;
  • iftorlikda yengil hazm bo‘ladigan ovqatlar, salatlar yeyish va sharbatlar ichib turish;
  • Ovqatlanishda, albatta, me'yorga amal qilish;
  • kun davomida salomatlik holati darajasini inobatga olib, dam olish va faollikni rejalashtirish lozim.

Ro‘za paytida himoya tizimi holsizlanishiga yo‘l qo‘ymang!

Ob-havoga mos kiyinishga va tananing mo‘'tadil haroratini saqlashga harakat qilish lozim. Aks holda, havoda muallaq suzib yurgan barcha mikrob va viruslar kasallik qo‘zg‘atishi mumkin.

Immunitetni kuchaytirish uchun tanani oziqlantiruvchi oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘proq iste'mol qilish kerak bo‘ladi.

  • Bir kunda 500 grammdan kam bo‘lmagan miqdorda sabzavot va mevalardan yeyish. Mevalar «hayot baxsh etuvchi vitaminlar» deb ataladi. Ayniqsa, vitamin A va S immun tizimi uchun eng muhim. Sabzavotlarda organizm uchun foydali vitamin va minerallar bo‘lishi bilan birga, ulardagi oziq tolalar (kletchatka) ichaklarni tozalaydi.
  • Ko‘katlardan foydalangan holda, sabzavotlardan har xil salatlar tayyorlab iste'mol qilish organizm kuchini oshiradi. Shpinat, kashnich, ukrop kabilarda immun tizimi uchun kerakli glutamin moddasi bo‘lib, u oshqozon-ichak shilliq qavatini mustahkamlaydi.
  • Immunitetni oshiruvchi oqsilga boy go‘sht, tuxum, baliq va sut mahsulotlari ham taomda bo‘lishi kerak. Rux va selen kabi mineral moddalar immun tizimini kuchaytiradi. Selen — organizmning antitanalar ishlab chiqishini yaxshilaydi. U mol va qo‘y jigari baliq go‘shtida ko‘p miqdorda bor. Rux hujayraviy immun faollikni oshiradi, natijada viruslarga qarshi kurashishda asosiy o‘rin tutadi. U tuxumda, go‘shtda ko‘p bo‘ladi.

Ro‘zada odam doim harakatda bo‘lishi kerak, harakat va ochlik sog‘ligimizni tiklashimizga va mustahkamlashimizga ikki karra hissa qo‘shadi. Ishchan va sog‘lom bo‘lish uchun faollikni unutmaslik kerak — ayrim tizimlarni tana a'zolarining zo‘riqishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun faol harakatlarni bajarishda har bir kishi o‘z yoshiga, bajaradigan ishiga, salomatligi holatiga qarab tanlashi lozim. Bundan tashqari, organizmning o‘ziga xos xususiyatlarini, kuchini, imkoniyatlarini hisobga olish maqsadga muvofiq.

Ruhiy xotirjamlik ham immun tizimiga ijobiy ta'sir etadi. Kunduzlari ro‘zadorlik va kechalari toat-ibodatlar bilan o‘tadigan bu muborak oy mehr-muruvvat va yaxshilik qilish oyi ekani bilan ham insonga ko‘tarinki ruh beradi. Ramazon ruhiyatning shifokori hamdir. Qolaversa, ruhiy xotirjamlik vaqtida inson tafakkuri tiniqlashadi, ong poklanadi.

Agar inson yetarli darajada uxlamasa, bu ham immunitetni pasaytiradi. Shu bois, me'yoriy uyqu juda muhim. Kam uyqu tana hujayralarining tiklanishi va immun tizimiga salbiy ta'sir etadi. Umuman fiziologik uyqu 7-8 soatni tashkil qiladi. Inson organizmi ko‘p mikroblarga duch keladi, uyqu paytida «T va V limfotsitlar» kabi antitanalarni ishlab chiqariladi va immun hujayralar soni ortadi va ular tomonidan kasallik chaqiruvchi mikroorganizmlar yo‘q qilinadi.

Ro‘za inson tanasi va ruhiyati tarbiyasi uchun muhim «dastur» hisoblanadi, natijada hayot tarzimizni ijobiy tomonga to‘g‘rilab olamiz.

Muborak Ramazon oyida bir-birimizning ruhiyatimizni ko‘taraylik, yanada ko‘proq mehr-oqibatli bo‘laylik!

Mavzuga oid
Top