14:40 / 12.04.2021
53743

Ro‘za kimlar uchun farz, kimlarga yengillik berilgan? - Ramazonga doir savol-javoblar

Kun.uz sayti jamiyat hayotidagi muhim voqea-hodisalar va xalqimizni qiziqtirgan mavzular yuzasidan jonli efirda soha mutaxassislari bilan suhbatlar tashkil etishni yo‘lga qo‘ydi.

Jonli efirdagi ilk suhbatimiz yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyi va ro‘za tutishga doir masalalarga bag‘ishlandi hamda Kun.uz'ning Youtube, Facebook va Instagram'dagi sahifalarida jonli efirga uzatildi.

Mavzuga doir savollarimizga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining yaqin shogirdlaridan, shayx nomidagi masjid imom-noibi Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid javob berdi.

– Avvalo, Islom dinida Ramazon ro‘zasining qay tarzda farz bo‘lgani va umuman, Ramazonning musulmonlar hayotidagi ahamiyati haqida so‘zlab bersangiz.

– Va alaykum assalom. Avvalo barcha musulmonlarni kirib kelayotgan Ramazon oyi bilan muborakbod etaman.

Oisha roziyallohu anhu aytadi: «Ro‘za ibodati Islomgacha ba'zi Makka mushriklarida ham bo‘lgan. Faqat, ular Muharram oyining 10 kuni, ya'ni Ashuro kunida ro‘za tutishar edi». Musulmonlar Makkadan Madinaga hijrat qilgach, hijriy 2-yil Ramazondan avvalgi Sha'bon oyining 29-kechasida ro‘za farz bo‘lgani haqida oyatlar nozil bo‘lgan. O‘shanda nozil bo‘lgan oyatlarda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvo qilsangiz. Sanoqli kunlarda. Sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘i boshqa kunlardan…» (Baqara surasi, 183-184 oyatlar).

Alloh taolo bu oyatlarda sizlardan oldingi ummatlarga farz qilingani kabi deya, bu ibodat avvalgilarga ham farz bo‘lganini eslatyapti. Bu dangasalik qiladiganlar uchun qandaydir tasalli bersa, ibodatda peshqadamlar uchun ularga ham imkoniyat berilayotganini eslatadi.

Oyatdagi «Sanoqli kunlarda» degan jumla ham musulmonlarning hamma toifasi uchun har xil ma'noda. Masalan, oddiy musulmonlar uchun bu kunlar tez o‘tib ketishini anglatsa, taqvodorlar uchun bu kunlar sanoqli kunlarda o‘tib ketadi, tezroq va ko‘proq xayrli amallar qilib qolishga shoshiling degan chaqiriqdir.

Ushbu oyatlar nozil bo‘lgan kuniyoq, Rasululloh alayhissalom jar soldirib, Ramazon oyining ro‘zasi farz qilingani musulmonlarga yetkazilgan.

– Ramazon ro‘zasini tutish kimlarga farz (majburiy) hamda kimlarga bu borada yengilliklar berilgan?

– Shariat barcha narsada insonning toqatini hisobga olgan. Qur'onda «Alloh hech bir jonni o‘zining toqati yetmaydigan narsaga buyurmaydi», deyiladi.

Shu ma'noda Ramazon oyining ro‘zasi oqil (es-hushi joyida), balog‘atga yetgan, muqim bo‘lgan (safarda bo‘lmagan) va sog‘lom musulmonga farzdir. Bu odamlar ro‘zani tutmasa, gunohkor bo‘ladi.

Shuningdek, balog‘atga yetmagan bolalarga ro‘za tutish majburiy emas. Lekin, sahobalar «bolalarimizni balog‘atga yetmasdan turib, chiniqtirish uchun ro‘za tuttirardik», – deydilar. Balog‘at bu o‘g‘il bolalarda ilk ihtilom bilan, qizlarda esa hayz ko‘rishdan boshlanadi.

Shariatning barcha buyruqlari aqlga qaratilgan, shuning uchun aqli raso bo‘lmagan kishiga ro‘za farz emas. Shuningdek, sog‘ligi sabab ro‘za tutolmaydigan yoki ro‘za tutsa kasali zo‘rayib ketadigan bemorlarga ham ro‘za tutish farz emas. Ba'zilar shamollab qolsa ham uzrli deb o‘ylaydi. Yo‘q, unday emas. Ro‘za tutmaslikka uzr bo‘lishi uchun kasallik [ro‘za, ya'ni ochlik bilan] aniq to‘qnashishi kerak hamda iloji boricha diyonatli va Ramazonning musulmonlarga ahamiyatini tushunadigan shifokorning xulosasini olish kerak.

Bundan tashqari, agar bemor ro‘za tutishga yarasa-yu, lekin ro‘za tutish kasallik tuzalishini cho‘zib yuborsa, bunday holat ham uzrli hisoblanadi.

Emizikli va homilador ayollarga ham, agar bolasiga sut kamayib qolishi yoki holsizlik holatlari bo‘lsa, ro‘za tutmasliklari uzrli hisoblanadi.

Shuningdek, sog‘lom bo‘lsa ham musofirlar, ya'ni uyidan 96 km va undan ortiq masofaga qasd qilib safarga chiqqan musulmonlar ham ro‘za tutmasliklari mumkin. Lekin, bu toifa odamlar tutsa o‘zlariga yaxshi.

Ro‘za tutsa quvvatsizlanib qoladigan darajadagi qari odamlar ham ro‘za tutmasliklari mumkin.

  • Barcha savol-javoblar bilan to‘liq video orqali tanishishingiz mumkin. Suhbat davomida, shuningdek og‘iz ochish va yopish vaqtlarini aniqlashdagi ixtiloflar, ro‘zador insonga nimalar taqiqlanishi, Ramazonda qilish mumkin bo‘lgan ishlar, iftorlik va saharlikda taomlanish odoblari kabi mavzularda so‘z boradi.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top