08:45 / 12.04.2021
2215

Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligining vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Hujjat bilan Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi to‘g‘risidagi nizom va uning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi, ushbu nizom agentlik maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq-vakolatlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek uning rahbarlari funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.

Qarorga muvofiq, quyidagilar agentlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • loyiha tashabbuskorlari tomonidan taqdim etilgan takliflarni malakali konsultant va ekspertlarni jalb qilgan holda loyihaoldi baholash (shu jumladan, muqobil ssenariylar ishlab chiqish) ishlarini amalga oshirish;
  • davlat tashqi qarzi hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari doirasida loyiha tashabbuskorlariga texnik topshiriq va texnik-iqtisodiy asoslarni mukammal ishlab chiqishda ko‘maklashish;
  • loyihani tayyorlash va amalga oshirishning har bir bosqichida loyiha xarajatlarini boshqarish tizimini joriy qilish;
  • loyiha maqsadli ko‘rsatkichlari matritsasini shakllantirish, ular bo‘yicha monitoring olib borish va baholash tizimini joriy etish;
  • investitsiya loyihasini amalga oshirishda muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
  • loyihalar doirasida shaffof va xolis tender hamda boshqa xarid jarayonlarini tashkil etish, shu jumladan xaridlar bo‘yicha mustaqil ekspert va professional kompaniyalarni jalb qilish;
  • loyihalarni amalga oshirish doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va pudratchilarni keng jalb qilish maqsadida ular uchun tegishli trening va seminarlar o‘tkazilishini doimiy asosda ta'minlab borish;
  • loyihalarni boshqarish guruhlari va loyiha tashabbuskorlarining tegishli bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ular samaradorligini baholash.

Agentlik shtatidagi boshqaruv xodimlari soni 49 birlikni tashkil etadi.

Top