21:37 / 13.04.2021
35542

Navalniy unga Qur'on berishmagani uchun qamoqxonani sudga berdi

Rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniy o‘zi hibsda bo‘lib turgan Vladimir viloyatidagi 2-axloq tuzatish koloniyasini sudga bergan. Bu haqda Navalniy Instagramdagi sahifasida ma'lum qildi. Uning aytishicha, qamoqxonaga o‘zi bilan olib kelgan kitoblarni berishmagan.

«Gap shundaki menga o‘zim bilan olib kelgan Qur'on kitobini berishmayapti. Men qamoqxonaga kirishimdan avval o‘z ustimda ishlash bo‘yicha qiladigan ishlarim ro‘yxatini tuzib bergandim. Ularda Qur'onni o‘qib o‘rganish va Payg‘ambarning (Muhammad s.a.v — tarj.) sunnatlarini o‘rganish bo‘lgan. Kitob o‘qish uchun sudlashish kerak bo‘lsa, sudlashaman ham. Nima, endi o‘zim bilan olib kelgan Qur'onni ham o‘qiy olmaymanmi? Ochlik e'lon qilganimning 13-kunida kayfiyatim faylasufona bo‘lib turgan bir vaqtda-ya...», degan Navalniy.

Uning aytishicha, qamoqxonaga o‘zi bilan bir dunyo kitob olib kelgan va yana qo‘shimcha kitoblar buyurtma qilgan. Ularni esa ekstremizm bo‘yicha tekshirish 3 oydan buyon davom etmoqda.

Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan Navalniy fevral oyida Iv Roshe ishi bo‘yicha ozodlikdan mahrum qilingandi. Avgust oyida zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga tushgan siyosatchi davolanishni Germaniyada davom ettirgan va Rossiyaga qaytgan kunidayoq qo‘lga olingan. 31 mart kuni siyosatchi oldiga shifokorni kiritishmagani uchun ochlik e'lon qilgandi.

Ma'lum bo‘lishicha, bugun 13 aprel kuni uning oldiga xotinining kirishiga ruxsat berilgan. Yuliya Navalnaya siyosatchining juda ozib ketganini aytgan.

Top