09:44 / 13.04.2021
2054

Navoiyda 2021 yilning 1-choragida poraxo‘rlik jinoyati 23,6 foizga oshdi 

Navoiy viloyatida joriy yilning 1-choragi davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar tahlil qilinganda, qasddan badanga shikast yetkazish 22,2 foizga; giyohvand vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish 5 foizga; poraxo‘rlik esa 23,6 foizga oshganligi ma'lum bo‘ldi. 

Navoiy viloyat sudlari tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta'kidlanishicha, 2021 yilning o‘tgan 3 oyi davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat va tuman (shahar) sudlari tomonidan 299 nafar shaxsga nisbatan 224 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. 220 nafar shaxsga nisbatan 152 ta jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarilgan bo‘lsa, 71 tasi tugatilgan. 

Mazkur davrda 214 nafar shaxs sudlangan bo‘lib, ularning 25 nafariga jarima, 2 nafariga majburiy jamoat ishlari, 60 nafariga axloq tuzatish ishlari, 76 nafariga ozodlikni cheklash va 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlardan qasddan odam o‘ldirish 66,6 foizga; transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish 31,5 foizga; bosqinchilik 50 foizga; odam savdosi 100 foizga; o‘g‘irlik 22,2 foizga kamaygan. Shuningdek, 1-chorakda 22 nafar ayolga nisbatan 21 ta, 117 nafar yoshga nisbatan 94 ta jinoyat ishi ko‘rilgan.  

Matbuot anjumanida mazkur davrda Navoiy viloyat iqtisodiy sudlari tomonidan 584 ta ish ko‘rilib, qariyb 44 milliard so‘m miqdoridagi qarz va yetkazilgan moddiy zararlarni da'vogarlar foydasiga undirish haqida qarorlar qabul qilinganligi ham aytib o‘tildi.

Ushbu davrda viloyatdagi ma'muriy sudlar tomonidan 187 ta, fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudlari tomonidan esa 3 125 ta sud ishlari ko‘rib chiqilgan.

Top