15:28 / 13.04.2021
6744

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hukumatlararo bitim kuchga kirdi

2019 yil 15 aprel kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida imzolangan Qozog‘istondagi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan migrantlar va O‘zbekistondagi Qozog‘iston fuqarolari bo‘lgan migrantlarning mehnat faoliyati va huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim 2021 yil 4 apreldan kuchga kirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Hujjatda mehnat migrantlarining faoliyati va mehnatga haq to‘lashni tartibga solish, shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston hududida noqonuniy mehnat faoliyatining oldini olish nazarda tutilgan.

Bitimda mehnat migrantlarining quyidagi huquqlari belgilangan:

  • qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga va mehnat shartnomasiga muvofiq dam olish;
  • qabul qiluvchi davlat qonunchiligi bilan belgilangan ro‘yxatga muvofiq atrofdagilarga xavf soluvchi o‘tkir kasalliklar bo‘yicha kafolatlangan hajmda bepul tibbiy yordam olish;
  • qabul qiluvchi davlat vakolatli organlaridan qabul qiluvchi davlat hududida bo‘lish va unda mehnat faoliyatini amalga oshirish shartlari va tartibi, shuningdek, uning qonunchiligidan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga taalluqli axborot olish.

Shuningdek, qabul qiluvchi davlat hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida ta'lim to‘g‘risida hujjatlar qabul qiluvchi davlat qonunchiligida belgilangan ta'lim to‘g‘risida hujjatlarni tan olish protseduralarini o‘tkazmasdan tan olinadi.

Bunda pedagogik, tibbiy yoki farmatsevtika sohasida ta'lim olgan migrantlar qabul qiluvchi davlat qonunchiligida belgilangan ta'lim to‘g‘risida hujjatlarni tan olish protsedurasidan o‘tadi va ularga qabul qiluvchi davlat qonunchiligida belgilangan tartibga muvofiq tegishli pedagogik, tibbiy va farmatsevtik faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi.

Mavzuga oid
Top