18:18 / 13.04.2021
9664

Toshkent viloyatida 21 yoshli qizni olib qochib ketgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

2021 yilning 12 mart kuni soat 07:55larda 27 yoshli fuqaro Qulmaxon M. Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani Do‘stlik-1 mahallasi hududida bo‘la turib, avvaldan telefon orqali gaplashib yurgan tanishi, 21 yoshli Malika U.ni nikohdan o‘tish uchun o‘g‘irlab, o‘zining yashash xonadoniga olib borgan va o‘zi bilan nikohdan o‘tishga majburlagan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, lekin Malika U. qarshilik ko‘rsatgan va qochib ketgan. 21 yoshli qiz 27 yoshli fuqaroga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rab IIBga ariza bilan murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Quyi Chirchiq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Qulmaxon M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 136-moddasi 1-qismi (Ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.   

Jinoyat kodeksi normalariga ko‘ra, bu turdagi jinoyatlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

Top