12:53 / 13.04.2021
11802

Toshkentda Mustaqillik va Parkent ko‘chalarini tutashtiruvchi yo‘l foydalanishga topshirildi

Toshkent shahrida Mustaqillik – Parkent ko‘chalari kesishmasida yashil hudud hisobidan yangi yo‘l ochildi. Bu haqda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik va Parkent ko‘chalarini tutashtiruvchi yo‘l (eski Pushkin chorrahasi) foydalanishga topshirildi. 

“Ushbu yo‘lda avtoulovlar uchun bir qancha qulayliklar yaratilgan. Xususan, piyodalar yo‘lagi va yo‘ldan o‘tish yo‘laklari, avtoulovlarni tartibga soluvchi svetofor va yoritish chiroqlari o‘rnatildi”, deyiladi ma'lumotda.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning Toshkent shahrida yo‘l-transport infratuzilmasini takomillashtirish va yangi yo‘llar qurishga oid topshirig‘iga asosan, Transport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va “Kalyon ulastirma” kompaniyasi bilan hamkorlikda uch bosqichda ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Birinchi bosqichda Toshkent shahridagi 3ta ko‘chada tez muddatda yangi o‘tish joylarini ochish va yo‘lni kengaytirish ishlari amalga oshiriladi. Bular: Sebzor ko‘chasi bo‘ylab Abdulla Qodiriy ko‘chasi kesishmasidagi yo‘l o‘tkazgichdan tushgandan so‘ng, Zulfiyaxonim ko‘chasiga o‘tish uchun asosiy qatnov qismidan mahalliy yo‘lga yangi o‘tish joyini ochish; Toshkent halqa avtomobil yo‘lining 11-kilometrida (“To‘sin bozor” qarshisida) 250 metr masofada yo‘lni kengaytirish; Al-Xorazmiy – Katta Qa'ni ko‘chalari chorrahasida aylanma harakatni tashkil etish.

Ikkinchi bosqichda Toshkent shahridagi 3ta ko‘chaning transport o‘tkazish qobiliyatini oshirish bo‘yicha tadbirlarni hayotga tatbiq etish rejalashtirilgan. Bular: Choshtepa - Yangi Sergeli ko‘chalari kesishmasida o‘tkazuvchanlikni oshirish maqsadida, kesishmani kengaytirish (parametrlarini o‘zgartirish); Toshkent halqa avtomobil yo‘li – Samarbonu ko‘chalari kesishmasida mahalliy yo‘lni kengaytirish hisobiga o‘tkazuvchanlikni oshirish; Mustaqillik – Parkent ko‘chalari kesishmasida yashil hudud hisobidan yangi yo‘l ochish rejalashtirilgan.

Uchinchi bosqichda Toshkent shahridagi 6ta ko‘chada transport oqimi o‘rganilib, tahlil natijalaridan kelib chiqqan holda bir qator tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Bular: Yunusobod tumanidagi Qoraqamish ko‘chasini Toshkent halqa avtomobil yo‘li bilan bog‘lash uchun yangi yo‘l qurish; Muqimiy – Lutfiy - Seul - Nurafshon ko‘chalari kesishmasi parametrlarini o‘zgartirish yo‘li bilan o‘tkazuvchanlikni oshirish; Toshkent halqa avtomobil yo‘li - Amir Temur ko‘chalari kesishmasida aylanma harakatli chorrahani oddiy chorraha turiga o‘tkazish yo‘li bilan o‘tkazuvchanlikni oshirish; Shota Rustaveli – Mirobod - Shahrisabz ko‘chalari kesishmasida aylanma harakatli chorrahani oddiy chorraha turiga o‘tkazish yo‘li bilan o‘tkazuvchanlikni oshirish; Kichik halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab “Crafers” korxonasi qarshisida yangi qayrilib olish joyini ochish; Seul – Novza – Bunyodkor ko‘chalari kesishmasida kanal ustidagi ko‘prikni kengaytirish hisobiga kesishma o‘tkazuvchanligini oshirish rejalashtirilgan.

Top