17:47 / 14.04.2021
2987

100dan oshiq loyiha atrof-muhitga salbiy ta'siri yuqori bo‘lgani sababli qaytarilgan - Davlat ekologiya qo‘mitasi

2021 yilning birinchi choragida kelib tushgan 603ta loyiha hujjatlaridan 102tasi atrof-muhitga salbiy ta'siri yuqori bo‘lgani sababli ularni bartaraf etish uchun qaytarilgan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Davlat ekologiya qo‘mitasi mas'ul xodimi Bahrom Xolxo‘jayev ma'lum qildi.

Tahlillarga ko‘ra, 2000-yillar boshida Davlat ekologik ekspertizasiga yiliga jalb qilingan korxonalar soni o‘rtacha 4-5 mingtani tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ushbu ko‘rsatkich 20-25 mingni tashkil qilmoqda.

Hozirda respublika hududida atmosfera havosini ifloslantiruvchi 171ta modda, yer va suv obektlariga 84 turdagi oqova hamda faoliyat natijasida hosil bo‘ladigan 146 turdagi chiqindilarning doimiy nazorati yuritiladi.

«2021 yilning birinchi choragi davomida 603ta loyiha hujjatlari kelib tushgan. Bu loyihalarning atrof-muhitga ta'siri o‘rganib chiqilganda, 102ta loyihaning atrof-muhitga salbiy ta'siri yuqori bo‘lgani sababli ularni bartaraf etish uchun qaytarilgan bo‘lsa, 6ta loyiha bo‘yicha ularni ro‘yobga chiqarish uchun rad javoblari berildi», deya ma'lum qildi Bahrom Xolxo‘jayev.

Shuningdek, tadbirkorlarga bu turdagi faoliyatlarini aholi yashash hududlaridan uzoqroq va ekologik talablarga muvofiq bo‘lgan hududlarda joylashtirish bo‘yicha tavsiyalar ham berildi.

Keyingi yillarda yangi konlarning o‘zlashtirilishi bilan bog‘liq holda sanoat korxonalari soni ham oshib bormoqda. Kichik ishlab chiqarish korxonalari ham ko‘paymoqda. Buning natijasida atrof-muhitga chiqayotgan turli ko‘rinishdagi chiqindilar miqdori ham ortib boryapti. Bular gaz, suyuq, qattiq holdagi chiqindilar hisoblanadi. Bular yillar davomida havoda, tuproqda saqlanib turadi. Xususan, qo‘rg‘oshin, rux, mishyak, vannadiy, molibden, kadmiy, simob va boshqa bir qator kimyoviy elementlar vaqt o‘tishi bilan o‘ta zaharli birikmalar holida tuproqqa, suvda yoki havoga yig‘ilib boradi. Ayni shu jihat e'tiborga olingan holda keyingi vaqtlarda ekologik ekspertiza xulosasini berishda maishiy va qurilish chiqindilari uchun mo‘ljallangan holatlarga ham katta e'tibor berilmoqda.

Sanoat korxonalaridan chiqadigan chiqindilar tarkibidagi turli moddalar, asosan, oltingugurt oksidlari, azot oksidlari, uglerod oksidlari, og‘ir metallardan - temir, qo‘rg‘oshin, mis, kobalt, nikel, kadmiy, simob tuzlari va boshqalar atmosfera havosiga, umuman, tiriklik dunyosiga o‘z salbiy ta'sirini ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun sanoat korxonalariga yangi, zamonaviy, kam chiqindili texnologiyalarni olib kirish hamda atrof-muhitga chiqadigan chiqindilar kamayishiga harakat qilib toza ekologik sharoit yaratish maqsad qilingan. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi 541-sonli qaroriga ko‘ra, korxonalarning atrof-muhitga ta'sirini baholashda jamoatchilik ishtirokini ta'minlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha majburiy talablar belgilab berildi. Shaffoflikni ta'minlash maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasining elektron tizimi ishga tushirildi. Ariza va atrof-muhitga ta'sirni belgilovchi barcha hujjatlar shu tizimga joylashtirildi.

Top