14:27 / 14.04.2021
60837

Besh yil sarhisobi – Nimalarga erishildi-yu qaysi masalalar ochiq qolmoqda?

Biz yashagan yurt ahli azaldan mamlakat yo‘lboshchisiga o‘zgacha hurmat va itoatda bo‘ladi. Amaldagi davlat rahbari saylovlarda o‘z o‘rnini qayta egallay olmay qolgan holat sodir bo‘lmagan. Shavkat Mirziyoyev 2021 yilgi prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini ilgari surishi bo‘yicha hali rasman bildirgani yo‘q. Ammo katta ehtimol bilan shunday bo‘ladi va undan-da katta ehtimol bilan amaldagi davlat rahbari o‘z postini saqlab qoladi.

O‘tgan besh yil davomida Shavkat Mirziyoyev qanday yutuqlarga erishgani va qanaqa muammolar yechimini topa olmagani hali ko‘plab tadqiqotlar mavzusiga aylanadi. Biz faqat eng ko‘p tilga olingan masalalar yuzasidan kichik tahlil o‘tkazishga jazm qildik.

Xo‘sh, nimalarga harakat qilindi-yu, ammo natija kutilganidek bo‘lmadi?

Inson zoti borki mukammal emas. Katta bir davlatning prezidenti, ulkan imkoniyatlar egasi bo‘lsang-da, baribir hammasi silliq ketmasligi tayin. Shavkat Mirziyoyev o‘zi ko‘zlagan va bir necha karra tilga olgan ayrim muammolar bugun ham yechimini topmagan.

1. Korrupsiya

Bu illat jon-jonimizga shu qadar singib ketganki, usiz iloji yo‘qday tasavvur paydo bo‘lgan. Shavkat Mirziyoyev prezident kursisini egallashi bilan bu borada qat'iy kurash boshladi va ma'lum yutuqlarga erishdi ham. Ammo korrupsiya tugadi, hech bo‘lmaganda jilovlandi deyishga hali juda erta. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzilishi ham bu borada bir qadam. Ammo nihoyatda chuqur ildiz otgan bu muammo butun jamiyatni zararlab ulgurgan.

2. «Svet-gaz» muammosi

Mirziyoyev prezidentligining dastlabki yillarida bir qadar ortga chekingan bu muammo qish erta kelgan yilda yana bo‘y ko‘rsatdi va tizimdagi ayanchli ahvolni qayta yodga soldi. Albatta, har yig‘ilishda bu muammo tilga olinadi, yechimlar izlanadi. Oxirgi 5 yilda qator siljishlar bor, ammo bu muammolar hanuz xalqning og‘rig‘i bo‘lib qolmoqda.

3. Quyi bo‘g‘in rahbarlari talablarni his qilmasligi

Bu ayniqsa hokimlarning «snos»larga, sudyalar, umuman, kuch ishlatar tizimlarning OAV bilan munosabatlarida ko‘zga tashlanib qoladi. Shuningdek, kuchishlatar tizimlar ba'zan oldingi davrni «qo‘msab» qolishlari ham yetarlicha muammo tug‘diradi. Bir qadar jilovlangan va o‘zini bosib olgan bu tizimlarda haligacha o‘zgarishlarga ehtiyoj bor.

4. Migrantlar

O‘zbekiston aholisi shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakat bo‘lish bilan birga arzon ishchi kuchining donori sifatidagi uyatli maqomini saqlab turibdi. Prezident buni ko‘p ta'kidlaydi, tan oladi, yechimini izlaydi. Ammo o‘z ichki imkoniyatlarimiz yetishib kelayotgan avlodni ta'minlay olmayotgani bu muammoning ham saqlanib turishiga zamin yaratyapti.

5. Monopoliyalar

Aslida prezidentning o‘zi ham bu muammoni bir necha marta tilga oldi. Ammo tugal yechim baribir ko‘rinmadi. Avtosanoat, aviaparvozlar, haj va umra sayohatlari kabi sohalar hanuz tor guruhlar qo‘lida qolayotgani ko‘pchilikni o‘ylantiradi.

Erishilgan yutuqlar-chi?

1. So‘z erkinligi

Albatta, bu hali davom etayotgan jarayon va mutlaq erkinlik bilan biror davlat maqtana olmaydi. Hammasi nisbiylikda baholanarkan, prezident Mirziyoyevning bu borada olib borgan islohotlari va erishgan natijalari nihoyatda salmoqli. Zero, yaqin o‘tmishda ham davlat rahbarining yutuqlaridan boshqa jihatini yoritish tugul, to‘rt kishi ichida so‘zlash ham xavfsiz bo‘lmagan.

2. Ochiqlik

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashib, aholisi eng ko‘p bo‘laturib ham juda uzoq vaqt «baland devor»lar ortida yashadi. Shavkat Mirziyoyev dastlabki qadamlardayoq bu borada irodasini namoyon qildi va qo‘shni davlatlar bilan o‘rtadagi g‘ovlarni olib tashladi. Uzoq yillar bir-birini ko‘rmagan jigarlar diydorlashdi, ochiq yo‘llar savdo rivojiga turtki berdi. Ammo bu kunlar ko‘pchilikka armon bo‘lib qoldi...

Eng muhimi, mamlakat nafaqat yaqin qo‘shnilarga, balki butun dunyoga ochildi va davlat rahbarining o‘zi ham xorijga uzluksiz safarlar uyushtira boshladi.

3. Din va e'tiqod erkinligi

Yangi masjidlar ochilishi ko‘pchilik uchun unut bo‘lgan holatga aylanib ulgurgandi. Aksincha, ko‘plab masjidlar yopilib ham ketgandi. Bu borada o‘zgarishlar e'tiqod erkinligining bir ramzi, xolos. Aslida erkinlik ko‘ngillarga singib bordi – qora ro‘yxatlar cheklandi, «Jasliq» yopildi, adashganlarga imkon berildi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatildi. Yanada jiddiysi – har qanday odamni diniy e'tiqodi uchun qoralashlar orqali yakson qilish amaliyotiga chek qo‘yildi.

4. Valuta islohoti

O‘zbek so‘mi uzoq yillar qiyin ahvolda jon saqladi. «Valuta qiymatini belgilash chog‘ida...» degan jumla milliy valutaning hatto o‘z hududida ham o‘rni yo‘qligini anglatib turardi. Konvertatsiya masalasi faqat tor doiradagilarning daromad manbayiga aylangani, mutlaq ko‘pchilik uchun yechilishi aql bovar qilmas muammo ekanligi ayni haqiqat. Shavkat Mirziyoyev bu holatga barham bera oldi.

5. «Plastikmi – 20 foiz»

Hozir ko‘pchilikka naqd puldan ko‘ra plastik qulayligi bundan 5 yil oldin ertak tuyilardi. Chindan ham hammamiz shundayligiga ko‘nikib bo‘ldik. Lekin esimizda bor, odamlar o‘zlarining peshona teri bo‘lgan mablag‘larining 20 va hatto 30 foizidan kechishardi hamda davlatni ko‘ngillaridagi «chiroyli» so‘zlari bilan siylardilar. Bugun bularning bari o‘tmishda qolgan. Oson bo‘lmagan bu islohot ham bevosita yangi prezident nomi bilan bog‘liq.

6. Yo‘llardan yo‘qolgan postlar

Yaqin o‘tmishda xorijdan kelgan mehmon bir viloyatga borishda postlarni ko‘rib «chegaraga keldikmi, mening boshqa davlatga vizam yo‘q-ku» degani bor gap. Har bir haydovchi respublika ichida yursa ham postlar yoniga hadikda kelgani hali unut bo‘lgani yo‘q. Bugun ular sanoqligina qolgan, borlarida ham munosabat boshqacha.

7. «Propiskang bormi

Toshkentning davlat ichra davlat maqomida saqlanishi, bir davlat fuqarolarining ikki toifaga ajratilishi butun dunyoga kulgi bo‘ladigan holat edi. Bu «tish og‘rig‘i» ham shu qadar uzoq va uzluksiz davom etdiki, yechimi yo‘qdek edi. Ammo qat'iy iroda samarasini berdi – og‘riqqa davo topildi. Bugun ayrimlar qo‘rqqanidek «Toshkentni odam bosib ketgani» yo‘q.

8. Kambag‘allikning tan olinishi va unga qarshi kurash

Yaqin o‘tmishda O‘zbekiston o‘ta farovon o‘lka sifatida shu qadar ko‘p ta'riflandiki, «musaffo osmon» jumlasi ko‘ngilni aynitar darajaga yetdi. Ammo sal pastga tushib qaralganda ko‘p narsa abgor ekanligi bilindi, qoldi. Zudlik bilan vaziyatni o‘nglash kerak bir paytda aholining salmoqli qismining iqtisodiy ahvoliga real baho berish zarurati tug‘ildi. Shu tarzda kambag‘allikka qarshi kurash boshlandi. Yutuqlarini kutamiz.

Yuqorida aytilganidek, bu maqola mutlaq haqiqatga va aniq ma'lumot o‘rniga da'vo qilmaydi. Lekin prezident saylovlari sari qadam qo‘yar ekanmiz, har birimiz o‘z ichimizda ana shunday tahlil o‘tkazishimiz va asoslangan qaror qabul qilishimiz shart. Zero, asl demokratiya shuni talab qiladi.

Abror Zohidov

Top