15:06 / 14.04.2021
22803

Xitoy AQShni «o‘t bilan o‘ynashmaslik»ka chaqirdi

Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Chjao Litszyan AQSh Tayvan mustaqilligini xohlayotgan kuchlarga noto‘g‘ri signallar bermasligi kerakligini aytdi.

Foto: AFP/Getty Images

Xitoy AQShni Tayvan masalasida «o‘t bilan o‘ynashmaslik»ka va Tayvan bilan rasmiy munosabatlarni kengaytirmaslikka chaqirdi, deb yozadi Deutsche Welle.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Chjao Litszyan AQSh Tayvan mustaqilligini xohlayotgan kuchlarga noto‘g‘ri signallar bermasligi kerakligini aytdi.

«Amerika hukumati va Tayvan o‘rtasidagi munosabatlarni Xitoy va AQSh o‘rtasidagi kelishuvlarning jiddiy buzilishi deb hisoblash mumkin. Bu Vashingtonning tayvanlik ayirmachilarga noto‘g‘ri signali hisoblanadi, shu bois Pekin bunday munosabatlarga qat'iyan qarshi. Bu masalada Qo‘shma Shtatlarga jiddiy taqdimnoma yo‘lladik va AQSh Tayvan borasida o‘t bilan o‘ynashmasligi kerak», – dedi u.

Diplomatning qo‘shimcha qilishicha, amerikaliklar Tayvan aholisi bilan madaniyat, ishbilarmonlik sohasida va boshqa norasmiy ko‘rinishlarda hamkorlik qilishi mumkin. Ammo tahdid uyg‘ongan taqdirda Xitoy o‘z suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qiladi.

Pekin Tayvanning AQSh bilan mudofaa sohasida hamkorlik qilishiga bir necha bor qarshi chiqqan.

Xitoy mudofaa vazirining ta'kidlashicha, «Tayvanning mustaqil bo‘lishi urushni bildiradi».

Mavzuga oid
Top