13:47 / 15.04.2021
1520

Hurriyat - Qarshining chang ko‘chasi dastur ijrosini kutmoqda

Qarshi shahar Qo‘rg‘oncha mahalla Hurriyat ko‘chasida yashovchi fuqarolar Kun.uz'ga murojaat yo‘llashdi. Unda yozilishicha, 2019-2020 yillarda ko‘cha asfalt qilish davlat dasturiga kiritilgan. Biroq ikki yil ichida ham ish bajarilmagan.

Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish uchun bordi. Ma'lum bo‘lishicha, Hurriyat ko‘chasi «Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha Qarshi shahrining 2020 yilda Investitsiya dasturiga kiritilishi lozim bo‘lgan ichki yo‘llari to‘g‘risida» qo‘shimcha manzilli dasturga kiritilgan. Dastur Qarshi shahar hokimi N.Xolboyev tomonidan tasdiqlangan.

«Bu ko‘chaga ko‘chib kelganimizga 30 yil bo‘ldi. Shuncha yillar davomida biror marta asfalt qilinmagan. Gaz, elektr bor. O‘tgan yili asfltlash dasturga kiritilgan ekan, lekin qilinmadi. «Milliy», «MY5», «Qashqadaryo» televideniyalarida ham yoritildi. Lekin natija yo‘q. Yuqori tashkilotlarga murojaat qilyapmiz, hech kim e'tibor qilmayapti. O‘tgan yili dekabr oyida shahar hokimiyatidan G‘ayrat Sultonov ismli mas'ul keldi. Yerlar quriganidan asfalt yuboraman, erkakcha «gurung», deb ketdi. Yerlar quriganda esa yana yo‘q. Yaqinda xat bilan murojaat qilsak, 2021-2022 yilgi dasturga taklif berilgan deb javob yozdi», - deydi Rauf Nurillayev.

Rauf Nurillayev

«Ko‘chamizni asfalt qilish 2020 yilda dasturga kiritilgandi. Nima sabab bo‘ldi, balkim pandemiya tufaylidir qilinmay qolib ketdi. Boshqa dasturga kiritilgan-kiritilmagan ko‘chalar asfaltlandi. Biz hokimiyatga murojaat qilsak, 2021 yilgi dasturda yo‘qligini aytishmoqda», - deydi Salima Ergasheva.

Salima Ergasheva

«Hurriyat ko‘chasi 2019-2020 yilda dasturga kiritilgandi, lekin bajarilmadi. Yonimizdagi Zarband ko‘chasi ikki yil avval asfaltlangan, lekin bu yil yana dasturga kiritilgan. Nega bir ko‘cha ikki marta dasturda? Bizning ko‘cha esa hamon dastur ijrosini kutmoqda» - deydi Fayzulla Hasanov.

Fayzulla Hasanov

Ushbu holat bo‘yicha Qarshi shahar hokimi o‘rinbosari G‘ayrat Sultonov bilan bog‘landik:
«Pandemiya tufayli ushbu ko‘cha asfaltlanmay qoldi. Bu yilgi dasturga 700 metr joyni taklif berganmiz. Dasturga kiritilsa, bajaramiz. Hozir hech qanday hujjat taqdim etolmaymiz», - deydi G‘.Sultonov.

Qarshi shahridagi dasturga kiritilgan ko‘chalarga e'tibor shu bo‘lsa, boshqa hududlardagi dasturga kiritilgan loyihalarga ham e'tibor qaratish lozimga o‘xshaydi.

O‘roljon KAMOLOV

Top