08:10 / 15.04.2021
16938

Tergov davrida ishdan bo‘shatilib, sudda oqlangan sobiq bojxonachilar ishga tiklana olmayapti

Uyushtirilgan dalillar asosida tergov qilinib, tazyiq ostida yozdirib olingan bildirgilarga asosan ishdan bo‘shatilgan sobiq bojxonachilar sudda oqlanganlaridan so‘ng o‘z lavozimlariga qayta olmayapti. Bosh prokuror o‘rinbosari va dastlabki ikki sud instansiyasi xodimlar tarafida, Bojxona qo‘mitasi esa bu xodimlar ishga tiklanmasligi kerak, degan fikrda.

Foto: Norma.uz

Ish hujjatlariga ko‘ra, Hasan Samatov, Shuhrat Musayev, Panji Haydarov va Maqsud Umarjonov Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida 2015 yilning oktyabr oyiga qadar xizmat qilib kelib, 2015 yilning oktyabr va noyabr oylarida pora olish jinoyati bilan ayblanib qamoqqa olingan.

Tergovda ularga tazyiq o‘tkazish va jismoniy kuch ishlatish yo‘li bilan noqonuniy dalillar to‘planadi. Yakunda ular JIB Surxondaryo viloyat sudining 2016 yil 3 maydagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, jazoga hukm qilinadi.

Oradan 3 yil o‘tib, JIB Surxondaryo viloyat sudi kassatsiya sudlov hay'atida jinoyat ishi qayta ko‘rilib, sudning 2019 yil 24 oktyabrdagi ajrimi bilan 2016 yil 3 maydagi ayblov hukmi bekor qilinadi va sobiq bojxonachilar JPKning 83-moddasi 1-qismiga asosan oqlanadi.

Reabilitatsiya qilingan sobiq xodimlar Davlat bojxona qo‘mitasiga ishga tiklanish masalasida murojaat qiladi.

Qo‘mita esa ularga ishdan o‘z xohishlari bilan ketganliklari, qo‘mitada buni asoslovchi o‘zlari yozib bergan bildirgilari mavjudligini ma'lum qilib, ularni ishga tiklashni rad etadi.

Sobiq bojxonachilar sudlarda bu bildirgilar ular tergov hibsxonasida bo‘lgan paytida, qo‘mita raisi nomiga «jinoiy javobgarlikka tortilgani va o‘z ishiga noloyiqligi sababli xizmatdan bo‘shatish to‘g‘risida» bildirgi yozishlarini talab qilib, tazyiq ostida sanasiz ko‘rinishda yozdirilganini va keyinchalik ushbu bildirgilar qo‘mitaga yuborilib, ularni ishdan bo‘shatish haqidagi buyruqqa asos qilib olingani haqida ko‘rsatma bergan.

Oqlangan sobiq bojxonachilar JPKning 310-moddasiga asosan ishga tiklash masalasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qiladi.

Ish sudda ko‘rilib, FIB Termiz tumanlararo sudining tegishli hal qiluv qarorlariga muvofiq, sobiq xodimlarning ishga tiklash bo‘yicha da'vosi qanoatlantiriladi hamda DBQga xodimlarni ishga tiklash va ular ishdan bo‘shatilgan kundan to hozirgacha bo‘lgan davrni ularning mehnat stajiga qo‘shish majburiyatini yuklaydi. Bunday qarorga kelishda sud JPKning 310-moddasiga tayanadi.

Jinoyat protsessual kodeksi, 310-modda:

Qo‘mita ushbu hal qiluv qarorlari ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat kiritadi.

Shikoyatda xodimlar o‘z bildirgilariga asosan ishdan bo‘shatilgani, da'vogarlar Mehnat kodeksining 270-moddasida nazarda tutilgan ishga tiklash nizolari bo‘yicha – xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruqning nusxasi berilgan kundan boshlab sudga murojaat etishning bir oylik muddati o‘tkazib yuborilgani, shunga qaramay sud ushbu holatlarni inobatga olmay, bir tomonlama qaror chiqargani ta'kidlanadi.

Ish FIB Surxondaryo viloyat sudida apellyatsiya tartibida ko‘rilib, JPK 312-moddasini qo‘llagan holda birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorlari o‘z kuchida qoldiriladi.

Jinoyat protsessual kodeksi, 312-modda:

Apellyatsiya sudining ajrimlariga binoan, qo‘mitaga sobiq xodimlarni bojxona xizmati tizimiga ishga tiklash to‘g‘risida buyruq chiqarib, ularni tizimdagi turli lavozimlarga ishga yuborish majburiyati yuklanadi. Ushbu ajrimlar ijro etilib, 2020 yil 23 dekabr kuni tegishli buyruqlar bilan xodimlar bojxona tizimiga ishga tiklanadi.

Biroq, qo‘mita Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat kiritib, yuqoridagi ish bo‘yicha sudlarning hal qiluv qarorlari va ajrimlarini bekor qilishni so‘raydi.

Shundan so‘ng, ish 2021 yil 5 fevral kuni Oliy sud Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atida ko‘rib chiqilib, ish bo‘yicha chiqarilgan quyi instansiya sudlarining hal qiluv qarorlari va ajrimlari bekor qilinadi.

Oliy sud bunga asos sifatida xodimlar ishdan bo‘shatilishiga sud hukmi emas, ularning bildirgilari asos bo‘lganini, bunday holda ular sudga JPK 312-moddasidagi 1 yillik emas, Mehnat kodeksi 270-moddasidagi 1 oylik muddat ichida murojaat qilishi lozim bo‘lganini, ushbu muddat xodimlarni nohaq jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha sud hukmi chiqqan sana – 2016 yil 3 may kunidan boshlanganini keltiradi.

Ya'ni, Oliy sud ajrimida ushbu xodimlar o‘sha vaqtda hali nohaq hukm qilingani isbotlanmagan sharoitda, ya'ni pora olish jinoyatini sodir etganlik tamg‘asi ostida ishga tiklanish bo‘yicha sudga murojaat qilishi lozim bo‘lgani ta'kidlanadi.

Ishga tiklangan bojxonachilar 2021 yil 13 mart kuni Oliy sud ajrimiga asosan qaytadan ishdan bo‘shatib yuboriladi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Oliy sud ajrimini noto‘g‘ri deb hisoblab, yana «sobiq»qa aylangan bojxonachilar manfaatida kassatsiya tartibida protest keltiradi.

Ayni damda ish Oliy sudda kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqilmoqda. Kun.uz sud jarayonlarini kuzatib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval tadbirkorlik qilish maqsadida imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lib, chetdan «fura» olib kelgan fuqaro bojxona organlarining asossiz to‘siqlari natijasida bir yarim yil davomida transport vositasiga egalik qila olmagani, fuqaro foydasiga sud qarorlari chiqqan bo‘lishiga qaramay, ularning ijrosi bojxonachilar tomonidan paysalga solib kelingani, nihoyat, Oliy sud fuqaro foydasiga so‘nggi nuqtani qo‘yganidan keyingina bojxonachilar xorijdan olib kelingan yuk mashinasini fuqaroga qaytarishga majbur bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Abbos Salaydinov,
Kun.uz muxbiri

Top