15:14 / 15.04.2021
10565

Xitoy yapon amaldorlariga «Fukusima» AESi suvidan ichib ko‘rishni taklif qildi

Avvalroq Yaponiya texnogen falokat yuz bergan “Fukusima-1” atom elektr stansiyasidagi radioaktiv moddalardan qisman tozalangan suvning katta hajmini okeanga oqizishga qaror qilgandi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Chjao Litszyan yaponiyalik amaldorlarga «Fukusima-1» AESi suvidan ichib ko‘rishni taklif qildi. U bu haqda o‘zining Twitter sahifasida yozdi.

«Okean —Yaponiyaning chiqindi idishi emas, Tinch okeani esa Yaponiyaning kanalizatsiyasi emas. <...> Yaponiyalik amaldor bu suvni "ichsa bo‘lishi"ni aytdi, nega u o‘sha suvdan bir ho‘plab ko‘rmayapti?» — deyiladi tvitda.

Shuningdek, Chjao Litszyan AQSh Yaponiyaning «Fukusima-1» AESi suvlarini okeanga oqizish rejasini ma'qullaganini aytdi.

«Ammo bu xalqaro hamjamiyat ma'qullashini anglatmaydi. Agar AQSh atrof-muhit muhofazasini qadrlasa, ikki yoqlama standart o‘rniga zimmasiga mas'uliyat olishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq Yaponiya hukumati 2011 yil martida texnogen falokat yuz bergan “Fukusima-1” atom elektr stansiyasidagi radioaktiv moddalardan qisman tozalangan suvning katta hajmini okeanga oqizishga qaror qilgandi.

Biroq Xitoy va Janubiy Koreya “Fukusima”dagi suvning okeanga oqizilishiga qarshi chiqmoqda.

2011 yil 11 martda Yaponiyada yuz bergan vayronkor zilzila va sunamidan keyin “Fukusima-1” AESda sovitish tizimining ishdan chiqishi oqibatida bir qator avariyalar yuz bergandi. Hukumat AES atrofidagi 20 km radiusdagi hududdan odamlarni evakuatsiya qilgan. Shuningdek, “Fukusima-1”dagi xavflilik darajasi maksimal darajaga yetgani e'lon qilingan. Bunday daraja o‘z vaqtida Chernobil AESda yuz bergan falokat vaqtida e'lon qilingan. 

Top