12:12 / 16.04.2021
2537

Andijonda xorijdan O‘zbekistonga olib kelingan qalbaki dollarlar aniqlandi

DXX idoralari tomonidan qalbaki xorijiy valutalarni mamlakatimizga olib kirish va muomalaga chiqarishga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Andijon shahrining Yangibozor hududida joylashgan savdo majmuasiga 4 nafar fuqaro kelib, narxi 1100 AQSh dollari bo‘lgan «Iphone 12» rusumli uyali aloqa telefonining 9 donasini 9900 AQSh dollariga sotib olmoqchi bo‘lishadi va sotuvchiga kelishilgan pul mablag‘ini berishadi. Biroq, sotuvchi ular bergan xorijiy valuta soxta ekanligini bilib, pullarini qaytarib beradi.

Qalbaki dollarni o‘tkazish bo‘yicha xiylalari ish bermagan to‘rtovlon endi pullarni arzonroq narxda haqiqiy valutaga almashtirish uchun Toshkent shahri tomon yo‘lga chiqishadi.

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarini jalb etgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxslar kelayotgan avtomashina Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida to‘xtatildi. Tekshiruv davomida ulardan qalbaki 10100 AQSh dollari protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

Avvalroq Andijon shahar xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlangan edi.

Top